Eron bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yiliga 1 milliard dollarga yetkaziladi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyun 2023 1044

    Joriy yil 31mayda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi oʻrtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning (HK) 15-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirga Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Eron tomonidan esa Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Said Mahdiy Niyoziy hamraislik qildi. Unda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Yigʻilish kun tartibi doirasida investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sanoat kooperatsiyasi sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari har tomonlama koʻrib chiqildi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasi qayd etildi: soʻnggi uch yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Bu yoʻnalishda munosabatlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, tomonlar kimyo sanoati mahsulotlari, asbob-uskunalar, qurilish materiallari, ipak, toʻqimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlarni oʻzaro yetkazib berish hajmini koʻpaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Savdo koʻrsatkichlarining barqaror oʻsishini taʼminlash maqsadida tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolash, Imtiyozli savdo bitimini qabul qilishni jadallashtirish, ikkala davlatning hududlarida “Made in Iran” va “Made in Uzbekistan” koʻrgazmalarini oʻtkazishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama savdodagi toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha ishchi guruh tuziladi.

    Investitsiyalar sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama etildi. Oxirgi besh yil ichida Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga koʻpayib, 420 taga etdi. Tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning yirik kompaniyalarini jalb etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar sohada oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha muzokaralar davomida erishilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarni aks ettirgan hamda Oʻzbek-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan Yakuniy bayonnoma imzolandi.

    Kun tartibi doirasida, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni faollashtirish, Oʻzbekistonda ish olib borayotgan eronlik investorlarni qoʻllab-quvvatlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni kengaytirish maqsadida davra suhbati ham tashkil etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.