Eron rasmiylari Fors ko'rfazi orqali Qatar bilan aloqani ta'minlovchi dunyodagi eng uzun tunnel qurish g'oyasini ilgari surdi, deya xabar bermoqda IRNA agentligi.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning Qatarga tashrifi arafasida Eron yo'llar va shaharsozlik vaziri Rustam G'asemiy tomonlar tranzit, dengiz va havo transporti sohasida to'rtta kelishuv imzolashini ma'lum qildi. Muhokama qilinadigan masalalar qatorida Eronning Deyyar port shahridan Qatar davlatiga tunnel qurish g'oyasi ham bor. Suv osti tunneli Eronning Deyyar portini Qatar bilan bog'lab, temir va avtomobil` yo'llar infratuzilmasini o'z ichiga oladi.
Eron tomoni birinchi navbatda texnik-iqtisodiy asoslash amalga oshirilishini ma'lum qilgan. Qatar yarim orolining shimoliy nuqtasidan Eron qirg'oqlarigacha bo'lgan eng qisqa masofa Deyyar porti yaqinidan taxminan 190 kilometrni tashkil qiladi. Bu Frantsiya va Buyuk Britaniyani bog'laydigan eng uzun suv osti La-Mansh tunnelidan besh barobar uzunroq bo'ladi.
Loyiha Qatar-Eron qo'shma qo'mitasi loyiha bo'yicha o'rganish va muzokaralarni yakunlagandan keyingina ishga tushirilishi ma'lum qilingan.
Eslatib o'tamiz, 21 fevral kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy rasmiy tashrif bilan Qatarga kelgan. Bugun esa Eron rahbari Dohada bo'lib o'tayotgan Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumida ishtirok etdi.