Eron O'zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi

    Eron 33 davlat fuqarolari, jumladan, o'zbekistonliklar uchun vizasiz rejimni e'lon qildi.

    Eron turizm, madaniy meros va hunarmandchilik vaziri Izzatulloh Zarg'amiy 2023-yil oktabr oyida Samarqandda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda O'zbekiston bilan vizasiz rejim joriy etish niyatini bildirgan edi.

    Bir kun avval Izzatulloh Zarg'amiy Eron Vazirlar Mahkamasi 33 davlat bilan viza rejimini bekor qilishni bir tomonlama ma'qullagani haqida xabar berib, Eron butun dunyoga mamlakat eshiklarini ochish niyatida ekanini qo'shimcha qildi.

    Izzatulloh Zarg'amiy, shuningdek, vazirlik 60 davlatga bepul vizalar taklif qilganini, biroq hukumat ulardan 33 ta davlatni ma'qullaganini ham aytdi. “Ushbu qaror xalqaro hamjamiyatga yuborilgan xabar bo'lib, Eron butun dunyodan kelgan mehmonlarni kutib olishga va ularga qulay va maroqli dam olishlari uchun maqbul imkoniyatlar yaratishga tayyorligini ko'rsatadi”, deb ta'kidladi vazir.

    O'zbekistondan tashqari vizasiz rejim ochiq bo'lgan davlatlar ro'yxatiga BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Hindiston, Rossiya, Livan, Qirg'iziston, Tojikiston, Tunis, Mavritaniya, Tanzaniya, Zimbabve, Mavrikiy, Seyshel orollari, Indoneziya, Bruney, Yaponiya, Singapur, Kambodja, Malayziya, Vyetnam, Braziliya, Peru, Kuba, Meksika, Venesuela, Bosniya va Gertsegovina, Serbiya, Xorvatiya va Belarus kiritildi, deb xabar beradi mail.ru.