Eron Prezidenti Mas'ud Pezeshkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan mamlakat janubiy chegaralariga, Fors ko'rfazi sohillariga ko'chirish bo'yicha ishlar boshlanganini ma'lum qildi.
Mamlakat matbuotida tarqalgan xabarlarga ko'ra, prezident Xatam al-Anbiya qarorgohiga tashrifi chog'ida so'zlagan nutqida avvalroq muhokama qilingan poytaxtni Tehrondan ko'chirish masalasini yana bir bor ko'targan.
Uning fikricha, Tehronni poytaxt sifatida qoldirish bir qancha, birinchi navbatda iqtisodiy sabablarga ko'ra imkonsiz bo'lib qolgan: “Tehron hal qilib bo'lmaydigan muammolarga duch kelmoqda. Nima qilsak ham, vaqtni behuda sarflaymiz. Shuning uchun bizda mamlakatning iqtisodiy va siyosiy markazini janubga, dengizga ko'chirishdan boshqa choramiz yo'q”.
“Bu masalaga e'tibor bermaslik mamlakat kelajakda ekologik inqiroz va boshqa ko'plab muammolarga duchor qilishi mumkin”, dedi Pezeshkiyon va birinchi vitse-prezident Muhammad Rizo Orifga poytaxtni ko'chirish rejalarini nazorat qilish vazifasi yuklanganini qo'shimcha qildi.
Eron poytaxtini 20 millionga yaqin aholiga ega Tehrondan boshqa shaharga ko'chirish rejasi 2013-yilning 25-dekabrida 290 o'rinli parlamentda 110 deputatning ovozi bilan qabul qilingan edi. Reja doirasida tuzilgan kengash poytaxt uchun “eng maqbul joy qaerda bo'lishini” aniqlash bo'yicha tadqiqotlar olib bordi.
Hozircha bu borada hech qanday chora ko'rilmadi, deb xabar beradi aa.com.tr.