Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqullandi.
Qonun bilan Yer kodeksiga davlat mulkidagi boʻsh turgan yerlarning hisobga olinishini tashkil etishni, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos boʻlgan obyektlarni joylashtirishni, yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda yer uchastkalariga boʻlgan huquqni bekor qilishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda, sugʻoriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha aniq talablar belgilanmoqda, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash zarur boʻlgan hollar kengaytirilmoqda.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga yer osti suvlariga quduqni burgʻilash uchun ruxsatnoma berish oʻrniga yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Jumladan, Soliq kodeksiga yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq toʻlovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish nazarda tutilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Qonunga maʼmuriy-hududiy birliklarning davlat reyestrida obyektni maʼmuriy-hududiy belgilashning tizimli kodi toʻgʻrisidagi axborot aks ettirilishiga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda.