Qayd etilishicha, Prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili2da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi 37-sonli Farmonida atrof-muhitni muhofaza qilish borasida qator chora-tadbirlar koʻrsatilgan. Xususan, ekofaollar, jamoatchilik vakillari takliflarini inobatga olgan holda har oyning bir kunini “Avtomobilsiz kun“ sifatida oʻtkazish belgilab berilgan.
Shu kuni barcha davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga, yurtdoshlarimizga shaxsiy transport vositalaridan voz kechib, atrof-muhitni ifloslantirmaydigan jamoat transporti, velosiped va boshqa texnika vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Maʼlumot uchun, avtomobillardan chiqayotgan zararli tashlamalar atrof-muhitni ifloslantiradigan doimiy manba hisoblanadi. Shuning uchun ham shaxsiy transport vositalaridan foydalanmaslik atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish, tirbandlikni kamaytirish va shaharlardagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.