Xalqparvar ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulugʻlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylangan. Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda xalqimiz bilan hamjihatlikda ish olib borilayotgani turli sinovlarni mardona yengib oʻtishgagina emas, balki salmoqli natijalarga ham muhim zamin yaratmoqda.
Buni quyidagi raqamlar ham yaqqol ifoda etadi. Yaʼni oʻtgan yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 145 milliard dollardan oshdi. 2025-yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar esa 43,1 milliard dollarga yetdi.
Yurtimizda oxirgi yillarda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 5,8 foizgacha tushirishga erishildi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi va davlat dasturi doirasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida oʻtgan yili 5 million aholimiz daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Bu yoʻnalishda ishlar boshlanganida aholining uchdan bir qismi kambagʻallik chegarasida yashaganini eʼtiborga olsak, bugungi kunga kelib, bu jabhada erishilgan natijalarning salmogʻi qanchalik yuqori ekani namoyon boʻladi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida bunday muhim yutuqlarni yanada koʻpaytirish, qanchalik ogʻir va murakkab boʻlmasin, oldimizga qoʻyilgan ezgu maqsad — har tomonlama rivojlangan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida islohotlar qatʼiy davom ettirilishini alohida taʼkidladi va tegishli vazifalar belgilab berildi.
Shu asosda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chiqilgan islohotlar dasturlari va Prezidentimizning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasida muhim chora-tadbirlar oʻz aksini topdi. Hujjat loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilib, olimlar, ekspertlar, keng jamoatchilik va xalqimiz tomonidan chuqur oʻrganildi, uni yanada takomillashtirish boʻyicha koʻplab taklif hamda tashabbuslar bildirildi.
Joriy yilga moʻljallangan davlat dasturida jamiyatimizni yanada ravnaq toptirish, turli sohalarni modernizatsiya qilish borasida ilgari surilgan chora-tadbirlar nimalardan iborat? Ularning oʻz vaqtida hayotga tatbiq etilishi jamiyat taraqqiyotini yanada yuksaltirishda qanday ahamiyat kasb etadi? Tegishli davlat tashkilotlari masʼul xodimlari, ilm-fan va tahlil markazlari ekspertlarining shu xususdagi fikrlari bilan qiziqdik.
Samara nafaqat raqamlarda, balki odamlar turmushida ham aks etmoqda
Farid NAZAROV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi boʻlim boshligʻi:
— Mamlakatimizda ijtimoiy xizmat va yordamlarni taqdim etish, aholini qoʻllab- quvvatlash tizimi bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Bu jarayonda faqat moddiy yordam bilan cheklanib qolmasdan, aholining turli qatlamlari uchun kompleks xizmatlar koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ijtimoiy ish amaliyotida muammoni qayd etish emas, balki inson va oilaning mustaqil hayot kechirish salohiyatini tiklash asosiy maqsadga aylandi.
Oʻtgan yil ushbu yoʻnalishda 7,4 milliondan ortiq murojaat qabul qilinib, surdotarjimon xizmati orqali 5,3 ming fuqaroga xizmat koʻrsatildi. Shuningdek, joylarda oʻtkazilgan 262 ta kouching mashgʻuloti natijasida 19,2 ming aholi ijtimoiy xizmatlar haqida batafsil maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻldi.
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi bu jabhadagi ishlar rivojida muhim istiqbollarni ochmoqda. Zero, mahalla xalqimizga eng yaqin boʻgʻin sifatida aholi bilan muloqotni kuchaytirish, koʻmak va yordamga muhtojlarni qoʻllab-quvvatlashda eng samarali institutdir.
Shu nuqtayi nazardan, joriy yilgi davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ijtimoiy himoya sohasiga bagʻishlangani ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda mahalla darajasida manzilli yordam mexanizmlarini kuchaytirishda muhim omil boʻladi. Mazkur maqsadlarga erishishda jamoatchilik ishtirokining oʻrni beqiyosdir.
Jumladan, bolalarni himoya qilish va zoʻravonlikning oldini olish sohasida davlat siyosati tizimli va kompleks yondashuvga asoslanmoqda. Taʼlim, tarbiya, sport hamda ijodiy tashkilotlarda bolalar xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilanib, axborot tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish va litsenziyalash talablarini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, bolalarni sogʻligʻi va maʼnaviy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilish tizimini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xalqaro ilgʻor tajribani inobatga olgan holda qonunchilik bazasini kuchaytirish, profilaktika va javobgarlik mexanizmlarini aniq belgilash orqali bolalar uchun xavfsiz va sogʻlom axborot muhitini shakllantirish maqsad qilingan.
Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish borasidagi ishlar ham takomillashib boryapti. Joriy yilda bu borada umumiy oʻrta taʼlim tizimini uslubiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, pedagog va psixologlar uchun zamonaviy kompetensiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.
Yurtimiz boʻylab kamida 10 ta tuman va shaharda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ular uchun binolar qurish yoki moslashtirish, moddiy- texnik bazasini mustahkamlash nazarda tutilgan. Bunda davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Reabilitatsiya xizmatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida kasallikning ilk bosqichidan boshlab uzluksiz reabilitatsiya tizimini joriy etish, bu yoʻnalishda mutaxassislar sonini oshirish hamda tibbiy xodimlar malakasini rivojlantirish belgilangan.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimizdagi islohotlar ijtimoiy himoyani yangi mazmun bilan boyitib, uni inson hayotiga yaqin, ochiq va samarali tizimga aylantirmoqda. Ijtimoiy xizmatlar va yordamning kengayishi, yangi xizmat turlari joriy etilishi va mahalla darajasida manzilli yondashuvning mustahkamlanishi har bir fuqaroning ehtiyoji eʼtibor markazida ekanini namoyon etadi.
Eng muhimi, islohotlarning samarasi bugun raqamlarda emas, balki odamlar hayotida, mahalla darajasida sezilmoqda. Bu esa ijtimoiy himoya sohasida tanlangan yoʻl toʻgʻri ekanini, inson qadri va farovonligiga qaratilgan siyosat kelgusida ham barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishini anglatadi.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy tajriba markazi
— Azamat PARDAYEV, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori:
Davlat va jamiyat oʻrtasida ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish yurtimizdagi islohotlarning muhim yoʻnalishiga aylandi. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat ijtimoiy muammolarni hal etish, balki davlat siyosatida ham muhim hamkor sifatida maydonga chiqmoqda.
Shu bois, soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati tubdan takomillashtirilyapti. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilib, jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlab qoʻyildi.
Sohaga oid qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ham qabul qilindi. Xususan, 2025-yil 21-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga daxldor 10 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, Prezidentimizning “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab- quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilga moʻljallangan davlat dasturida bu jabhadagi ishlarni yanada kengaytirish va yangi bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilanmoqda. Mazkur strategik hujjat doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar fuqarolik jamiyatini faqat kuzatuvchi emas, balki davlat boshqaruvida masʼuliyatli hamkor, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi, jamoatchilik manfaatlarini ifodalovchi va ijtimoiy muammolar yechimida amaliy ishtirok etuvchi kuch sifatida shakllantirishga qaratilgan.
Ushbu vazifalar fuqarolik jamiyati institutlarining tashkiliy, moliyaviy va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, davlat — jamiyat — biznes oʻrtasida barqaror hamkorlik modelini yaratishni nazarda tutadi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni umumiy shiorlar doirasida emas, balki aniq mexanizm va amaliy chora-tadbirlar orqali taʼminlash ustuvor maqsad etib belgilangan. Shu maqsadda fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida tizimli muloqot muhitini shakllantirish hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirish borasida qator loyihalar amalga oshiriladi. Xususan, davlat organlari, NNTlar, OAV va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida ochiq muloqot platformasini yaratish maqsadida fuqarolik jamiyati haftaligi oʻtkaziladi.
Shu yil BMT Bosh assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan “Xalqaro demokratiya kuni” munosabati bilan Samarqand shahrida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tashkil etish koʻzda tutilgan. Forum doirasida ijtimoiy va ekologik muammolar, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati ishtiroki hamda ochiq boshqaruv masalalari muhokama qilinishi mintaqada ushbu jabhada hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.
NNTlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali kengaytirish ham muhim vazifa. Bu ularning tizimli asosda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishini taʼminlaydi hamda institutsional barqarorligini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, autsorsingga oʻtkaziladigan davlat funksiyalari roʻyxatini shakllantirish davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ayrim ijtimoiy xizmatlar, jamoatchilik bilan ishlash, monitoring va tahlil kabi vazifalarni NNTlarga bosqichma-bosqich oʻtkazish davlat organlarining ortiqcha yuklamasini kamaytiradi.
Bugungi kunda yurtimizning turli hududlarida koʻplab nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Islohotlarda ularning ishtirokini yanada kuchaytirish muhim vazifa boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy vakili (maslahatchi) institutini joriy etish koʻzda tutilgan. Bu qabul qilinadigan huquqiy hujjatlar hududlardagi dolzarb masalalarni aks ettirishi va xalqimizning manfaatlariga xizmat qilishiga zamin yaratadi. Qolaversa, mahalliy darajada davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyati oʻrtasida muloqot yanada kengayadi.
Davlat — jamiyat — biznes oʻrtasidagi hamkorlikni institutsionallashtirishga qaratilgan ishlar ham nodavlat notijorat tashkilotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari berish orqali hamkorlikni ragʻbatlantiradi. Mazkur mexanizm biznesni ijtimoiy loyihalarga tizimli jalb etish, xayriya va ijtimoiy sheriklikni barqaror amaliyotga aylantirish hamda fuqarolik jamiyatining moliyaviy mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, NNTlar faoliyatini rivojlantirish bilan bogʻliq davlat dasturida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan kompleks, tizimli islohotlar majmuasidir. Ushbu chora-tadbirlar fuqarolik jamiyatini davlat siyosatining faol subyektiga aylantirish, uning davlat boshqaruvidagi ishtirokini huquqiy, institutsional va moliyaviy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Natijada davlat va jamiyat oʻrtasida ochiq hamda barqaror muloqot mexanizmi shakllanadi. Nodavlat notijorat tashkilotlarning kasbiy va institutsional salohiyati oshadi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga koʻtariladi. Eng muhimi, bunday izchil chora-tadbirlar Oʻzbekiston fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy tajriba markaziga aylanishiga zamin yaratadi.
Tabiat sofligi – barqarorlik omili
Zikrilla ALIMOV, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri,
texnika fanlari doktori:
— Mamlakatimizda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda bu jabhada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar barqaror rivojlanishga erishishda oʻz samarasini beryapti.
Oʻtgan yili yer, suv, havo musaffoligini taʼminlash, tabiiy muvozanatni asrash borasida muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, atmosfera, yer va suv resurslari hamda atrof-muhitni monitoring qilish ishlari natijasida 73 ta sanoat korxonasidagi chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilindi. Yangi ochilayotgan qator sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilishi hisobiga atmosfera havosiga 1,5 ming tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olindi.
Havoni ifloslantirishda ulushi nisbatan yuqori boʻlgan avtotransport vositalarining holati ham doimiy kuzatuvga olingan. Shu maqsadda ikki bosqichda “Toza havo” oyligi oʻtkazilyapti. Oʻtgan yili bu yoʻnalishda yetti yuz mingdan koʻproq avtotransport vositasi ekologik nazoratdan oʻtkazilib, aniqlangan nosozliklar bartaraf etildi. Bu tadbir ham havoga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirishda oʻz samarasini bermoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 137 milliondan ortiq koʻchat ekilishi, oʻrmon maydonlarining 4,7 million gektarga yetkazilishi, Orolboʻyida 145 ming gektardan ziyod maydonda oʻrmon barpo etilishi choʻllashish jarayonini sekinlashtirib, iqlimni yumshatish va bioxilma-xillikni saqlashga xizmat qilmoqda. Bu ishlar nafaqat tabiatni tiklash, balki aholining sogʻligʻi, toza havo va suv bilan taʼminlanishini yaxshilashga ham qaratilgan.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida atrof-muhitni muhofazalash va barqaror rivojlanishga erishishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarga ham alohida toʻxtalib, bu jabhadagi ishlar izchil davom ettirilishi va yanada yangi bosqichga koʻtarilishini taʼkidladi. Joriy yilgi davlat dasturida bu borada muhim vazifalar oʻz aksini topmoqda. Jumladan, mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish borasidagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan islohotlar dasturlaridan biri aynan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq ishlarni samarali tashkil etishga yoʻnaltirilgani ayni muddao boʻldi.
Bu jarayonda, avvalo, havo sofligini taʼminlash maqsadida ekologik toza avtomobillardan foydalanish ragʻbatlantiriladi. Shu bilan birga, atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish maqsadida sanoat korxonalari modernizatsiya qilinadi.
Shu maqsadda yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasini oʻrnatish uchun kredit liniyalarini ochish koʻzda tutilgan.
Toshkent shahri atrofida joylashgan issiqxonalarni filtr bilan taʼminlash maqsadida bunday vositalarni oʻrnatish xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish amaliyoti joriy etiladi. Qolaversa, bu sohada tadbirkorlarni keng qoʻllab-quvvatlash va faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida agroklasterlar tashkil qilinadi. Uning tarkibiga oʻtgan issiqxonalarga subsidiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Agroklasterlarda issiqxonalar markazlashgan qozonxonalar orqali isitiladi.
Davlat dasturida belgilangan yana bir muhim vazifa chang-toʻzonlar tez-tez sodir boʻladigan hududlarda aholi salomatligini asrash uchun zarur tadbirlarni amalga oshirishdir. Shu maqsadda shaharlarda tabiiy shamol aylanishini kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkazilib, aholi uchun ekologik qulay yashash sharoitini yaratish choralari koʻriladi. Bundan tashqari, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar koʻzda tutilgan.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti (Green University) huzurida atrof-muhit ifloslanishini oʻrganish uchun maxsus laboratoriya tashkil qilinadi. Havo, suv va tuproq ifloslanishini chuqur oʻrganish asosida ilmiy yechimlar ishlab chiqish orqali olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi oshiriladi.
Bu ishlarning muhimligi shundaki, ular nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar uchun ham yashashga yaroqli muhitni saqlab qoladi. Ekologik toza texnologiyalar joriy etilishi, kambagʻal oilalarning bandligini taʼminlash, xalqaro hamkorlik orqali yangi tajribalarni oʻzlashtirish mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yanada rivojlantiradi.
* * *
Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish maqsadida belgilanayotgan chora-tadbirlarning koʻlami keng, qamrovi katta. Bu jarayonda hududlar infratuzilmasini yaxshilash, mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, soha va tarmoqlarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, kasblarni rivojlantirish, yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni yaxshilash va boshqa yoʻnalishlarda ustuvor maqsad va vazifalar belgilangan. Bu xayrli ishlarning oʻz muddatida bajarilishi har bir insonga oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali el farovonligini oshirish, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhim omil boʻlishi shubhasiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Bahor XIDIROVA tayyorladi.