Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 2025-yildan boshlab “Soʻz” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida oʻzbek adabiyoti, sheʼriyati va kitobxonlik yangi talqinlarda xalqimizga yetkazilib kelinmoqda.

“Soʻz”ning shu vaqtgacha 3 ta teatrlashtirilgan sheʼriy-konsert dasturlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilingandi.

Navbatdagi kecha shoir Eshqobil Shukurning “Megapolisdan Himolay choʻqqisigacha” kitob taqdimotiga bagʻishlandi. Bu ramziy nom zamirida oddiy dehqondan tortib yuksak manzillarda bani bashar taqdirini hal qilishga daʼvo qilayotgan kishilarning taqdiri ham, gulga qoʻl choʻzayotgan murgʻak goʻdakning tilidan uchayotgan soʻzlardan tortib, ulugʻ donishmandning hikmatlarigacha jam boʻlgan qadriyat, oʻzlik masalalari yoritilgan.

Bugungi globallashuv, shaharlashuv, ommaviy madaniyatlar zamonida hayotga teran boqsangiz, sohilsiz ummonda turgandekmiz. Mayoq qayda, kemamizning ahvoli nechuk?

Shunday qaltis damda bu kitob hushyor kitobxonga koʻmakka kelishi shubhasiz.