Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻyinga asoslangan taʼlim joriy etilishi orqali intellektual rivojlanishga qaratilgan muhit yaratilayotgani bolalarning aqliy, emotsional va ijtimoiy qobiliyati shakllanishida katta ahamiyatga ega. Bu orqali bola bilimni majburiy ravishda emas, balki qiziqish va tajriba asosida oʻzlashtiradi.

Fan va matematika yoʻnalishida maxsus oʻyin zonalari tashkil etilmoqda. Bolalar uchun mozaikalar, konstruktorlar, mantiqiy oʻyinlar, robototexnika va ilk algoritmlash elementlari joriy qilinyapti. Interaktiv doska va raqamli taʼlim vositalari orqali oʻtkaziladigan mashgʻulotlar bolalarda maʼlumot izlash, saralash, toʻgʻri foydalanish kabi axborot madaniyatini shakllantiradi. Mustaqil qaror qabul qilish, vazifalarni bajarish,  oʻz xatolarini tahlil qilishni oʻrgatadi.

— Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida tashkil etiladigan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari negizidagi Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazi bazasida xuddi shunday zamonaviy oʻyin zonalari amaliyotga tatbiq etilishi koʻzda tutilmoqda, — deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Maktabgacha taʼlim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti bosh mutaxassisi Sirojiddin Rahmonberdiyev. — Fan va matematika yoʻnalishida maxsus tematik oʻyingohlar tashkil qilinib, bolalar uchun mozaikalar, konstruktorlar, mantiqiy oʻyinlar, robototexnika toʻplamlari hamda ilk algoritmlash elementlari joriy etiladi. Shuningdek, interaktiv doska va raqamli taʼlim vositalari orqali mashgʻulotlar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu maktabgacha taʼlim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, oʻyinga asoslangan taʼlim orqali bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadini koʻzda tutadi. 

Oʻyin zonalari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda sohaviy oliygohlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Pedagoglar uchun maxsus metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilib, “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati” tadbirlari doirasida oʻyinga asoslangan fan hamda matematika mashgʻulotlarini tashkil etish boʻyicha tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi maxsus oʻyin zonalari faqat bilim berish vositasi emas, balki bolada fanga qiziqishni erta shakllantiradigan muhit yaratadi. Yangicha yondashuvlar ularda mustaqil fikrlash, tahlil qilish, muammoga yechim topish koʻnikmalari, tafakkur, diqqat, xotira rivojlanishiga koʻmak beradi.

Bolalarni milliy gʻurur va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga har doim ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida davlat ramzlariga hurmat, milliy qadriyatlar, ota-onaga ehtirom, kattalarni hurmat qilish, doʻstlik va hamjihatlik gʻoyalarini singdirishga qaratilgan mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

“Mening vatanim — Oʻzbekiston” mavzusida suhbatlar, milliy bayramlarga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari, “Turon kichkintoylari” teatr jamoalari orqali xalq ertaklari asosida tashkil etilayotgan tarbiyaviy mashgʻulotlar, sahna koʻrinishlari bolalar ongida milliy qadriyatlarni mustahkamlamoqda.

Farmonda bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga taʼlim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish ­maqsadida oʻyinga asoslangan taʼlimni joriy etish vazifasi ham keltirilgan. Shundan kelib chiqib, ayni paytda MTTlarda ijod va sanʼat yoʻnalishida tematik oʻyingohlar tashkil etilmoqda. Bolalar oʻz qoʻllari bilan qoʻgʻirchoqlar yasash, turli sahna koʻrinishlarida rollar ijro etish, musiqa asboblari bilan tanishish orqali ijodiy salohiyatini namoyon qiladi. Rasm chizish, musiqa, qoʻshiq aytish, raqs va sahnalashtirish mashgʻulotlari keng yoʻlga qoʻyiladi. Bu jarayon bolalarda tasavvur va ijodiy fikrlashni rivojlantiradi.

Hujjatda bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va sanʼat, fan va matematika, til va tasavvur, robototexnika va ilk algoritmlash bilan bir qatorda jismoniy faollik yoʻnalishida ham tematik oʻyingohlar ochish koʻzda tutilgan. Shu asosda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sport maydonchalari, harakatli oʻyinlar uchun ochiq va yopiq zallar tashkil etilmoqda. Ertalabki badantarbiya, ochiq havoda sogʻlomlashtiruvchi mashgʻulotlar bolalarning jismoniy rivojlanishiga xizmat qilishi, baquvvat, chiniqqan va sogʻlom boʻlib oʻsishiga zamin yaratadi.

— Toshkent shahridagi 122-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida maxsus jihozlangan sport zali, rezina qoplamali ochiq maydoncha, bolalar uchun xavfsiz mashq va harakatli oʻyinlar maydoni bor, — deydi Sirojiddin Rahmonberdiyev. — Bu yerda har kuni ertalabki badantarbiya, haftalik sport soatlari va ochiq havoda sogʻlomlashtiruvchi mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi 204-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Sogʻlom bola — sogʻlom kelajak” shiori ostida jismoniy tarbiya dasturi amalga oshirilmoqda. Bogʻchada bolalar uchun mini futbol, gimnastika, estafeta oʻyinlari, harakatli mashqlar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan. Mashgʻulotlar bolalarning mushak, nafas olish tizimi va umumiy harakat faolligini oshiradi. Intizom, jamoada harakat qilish, oʻz sogʻligʻiga masʼuliyat bilan qarash koʻnikmalarini shakllantiradi. Bolalar harakat orqali oʻz energiyasini toʻgʻri sarflaydi, immuniteti mustahkamlanadi va maktab taʼlimiga jismonan tayyor holda kirib boradi.

Ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotlari tajribasi boshqa hududlarga ham tatbiq etilmoqda. Yangi sport maydonchalari barpo etilib, tarbiyachilar uchun jismoniy tarbiya boʻyicha maxsus metodik tavsiyalar ishlab chiqilyapti.

Farmonda simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uygʻotish, ekologik madaniyatni shakllantirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim-tarbiya jarayonini amalga oshirish vazifasi keltirilgan.

— Bolalarni simulyatsion oʻyinlar orqali kasblar bilan tanishtirish, ekologik tarbiya, ijtimoiy munosabatlarni oʻrgatishga qaratilgan mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilyapti, — deydi Sirojiddin Rahmonberdiyev. — “Shifokor”, “Oshxona”, “Quruvchi” kabi rolli oʻyinlar, tabiatni asrash mavzusidagi amaliy ishlar, jamoaviy oʻyinlar bolalarni hamkorlikka va masʼuliyatga oʻrgatadi. Bu ­yoʻnalishda joriy etilayotgan yondashuvlar ilgʻor xorijiy tajribalar, xususan, Janubiy Koreya va Xitoy maktabgacha taʼlim tizimidagi innovatsion modellar asosida takomillashtirilyapti.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, Janubiy Koreya tajribasida “hayotiy koʻnikmalar orqali taʼlim” tamoyili ustuvor hisoblanadi. U yerda bogʻchalarda “mini city” — yaʼni kichik shaharcha shaklidagi oʻyin muhitlari yaratilgan boʻlib, bolalar shifoxona, doʻkon, oshxona, qurilish maydoni, politsiya boʻlimi kabi simulyatsion hududlarda oʻyin orqali jamiyat hayotini oʻrganadi. Ushbu usul bolalarda kasblarga qiziqish, jamoat joyida oʻzini tutish madaniyati va ijtimoiy masʼuliyat hissini shakllantiradi. Oʻzbekistonda ham ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida shu model asosida “Kasblar shaharchasi” uslubida tematik oʻyin zonalari tashkil etilyapti.

Xitoy tajribasida esa ekologik tarbiya va jamoaviy oʻyinlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bogʻchalarda bolalar tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etadi. Gul ekish, chiqindilarni saralash, suvni tejash, daraxtlarga gʻamxoʻrlik qilish kabi faoliyatlar simulyatsion oʻyinlar bilan uygʻunlashtiriladi. Masalan, “Ekologiya qoʻriqchisi” oʻyini orqali bolalar oʻzini tabiat himoyachisi sifatida his qiladi. Bu tajriba asosida mamlakatimiz bogʻchalarida “Tabiatni asraymiz” mavzusida syujetli-rolli mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilmoqda.

— Respublika boʻyicha 6917 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 30 ming 882 ta guruhida tarbiyalanuvchilarning qoʻl mehnati buyumlari, chizmalari va tabiiy materiallardan tayyorlangan ijodiy ishlari asosida “Ekologik burchaklar” hamda 6588 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Ekologik yoʻlakchalar” tashkil etilgan, — deydi S. Rahmonberdiyev. — Ushbu yoʻlakchalarda oʻyin orqali bolalarning atrof-muhit bilan bevosita muloqotda boʻlish, oʻsimlik va hayvonot olamini kuzatish orqali ekologik tafakkurini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab “Ekologik burchaklar” va “Ekologik yoʻlakchalar”dagi oʻyin orqali mashgʻulotlar, kuzatuv ishlari va sayrlar davomida tarbiyalanuvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimlik va hayvonlar haqida dastlabki tushunchalar berish tizimli yoʻlga qoʻyildi.

“Tasviriy faoliyat” mashgʻulotlari jarayonida bolalar tomonidan muhofaza qilinadigan oʻsimlik va hayvonlarning rasmlarini chizish amaliyoti joriy etilib, bu orqali ularni tabiatni sevish, unga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish va ekologik madaniyatni erta yoshdan egallashga yoʻnaltirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Ushbu yondashuvning yana bir oʻziga xos jihati, ijtimoiy munosabatlarni oʻyin orqali oʻrgatishdir. Jamoaviy oʻyinlarda bolalar navbat kutish, bir-biriga yordam berish, kelishuvga erishish, bahsni tinch yoʻl bilan hal qilishni amalda oʻrganadi. Bu esa ularning emotsional intellekt va muloqot madaniyatini shakllantiradi.

Simulyatsion va rolli oʻyinlar orqali taʼlim berish usuli Janubiy Koreya va Xitoy tajribasiga tayangan holda mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda. Bu yondashuv bolani faqat bilimli emas, balki hayotga tayyor, jamoada ishlay oladigan, kasblarga qiziquvchan va tabiatga masʼuliyat bilan qaraydigan shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda maktabgacha taʼlim tashkilotlari bola kelajagini belgilab, salohiyatini ochib beruvchi zamonaviy tarbiya va rivojlanish markazlariga aylanmoqda. Bu esa yurtimiz kelajagi boʻlgan yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash yoʻlida muhim qadamdir. Davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan farmoni ushbu xayrli ishlarni yangi bosqichga koʻtarishi bilan ahamiyatli.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri