Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻyinga asoslangan taʼlim joriy etilishi orqali intellektual rivojlanishga qaratilgan muhit yaratilayotgani bolalarning aqliy, emotsional va ijtimoiy qobiliyati shakllanishida katta ahamiyatga ega. Bu orqali bola bilimni majburiy ravishda emas, balki qiziqish va tajriba asosida oʻzlashtiradi.
Fan
va matematika yoʻnalishida maxsus oʻyin zonalari tashkil etilmoqda. Bolalar
uchun mozaikalar, konstruktorlar, mantiqiy oʻyinlar, robototexnika va ilk
algoritmlash elementlari joriy qilinyapti. Interaktiv doska va raqamli taʼlim
vositalari orqali oʻtkaziladigan mashgʻulotlar bolalarda maʼlumot izlash,
saralash, toʻgʻri foydalanish kabi axborot madaniyatini shakllantiradi.
Mustaqil qaror qabul qilish, vazifalarni bajarish, oʻz xatolarini tahlil qilishni oʻrgatadi.
—
Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida tashkil
etiladigan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari negizidagi Bolalarni
rivojlantirish innovatsion markazi bazasida xuddi shunday zamonaviy oʻyin
zonalari amaliyotga tatbiq etilishi koʻzda tutilmoqda, — deydi Maktabgacha va
maktab taʼlimi vazirligi Maktabgacha taʼlim tizimi faoliyatini
muvofiqlashtirish departamenti bosh mutaxassisi Sirojiddin Rahmonberdiyev. —
Fan va matematika yoʻnalishida maxsus tematik oʻyingohlar tashkil qilinib,
bolalar uchun mozaikalar, konstruktorlar, mantiqiy oʻyinlar, robototexnika
toʻplamlari hamda ilk algoritmlash elementlari joriy etiladi. Shuningdek,
interaktiv doska va raqamli taʼlim vositalari orqali mashgʻulotlar oʻtkazish
tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Bu
maktabgacha taʼlim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, oʻyinga
asoslangan taʼlim orqali bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish
maqsadini koʻzda tutadi.
Oʻyin
zonalari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda sohaviy oliygohlar,
ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Pedagoglar
uchun maxsus metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilib, “Metodik mahorat kuni” va
“Metodik mahorat soati” tadbirlari doirasida oʻyinga asoslangan fan hamda matematika
mashgʻulotlarini tashkil etish boʻyicha tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
Mutaxassislar
fikricha, bu kabi maxsus oʻyin zonalari faqat bilim berish vositasi emas, balki
bolada fanga qiziqishni erta shakllantiradigan muhit yaratadi. Yangicha yondashuvlar
ularda mustaqil fikrlash, tahlil qilish, muammoga yechim topish koʻnikmalari,
tafakkur, diqqat, xotira rivojlanishiga koʻmak beradi.
Bolalarni
milliy gʻurur va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga har doim ustuvor vazifa
sifatida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida
davlat ramzlariga hurmat, milliy qadriyatlar, ota-onaga ehtirom, kattalarni
hurmat qilish, doʻstlik va hamjihatlik gʻoyalarini singdirishga qaratilgan
mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.
“Mening
vatanim — Oʻzbekiston” mavzusida suhbatlar, milliy bayramlarga bagʻishlangan
sahna koʻrinishlari, “Turon kichkintoylari” teatr jamoalari orqali xalq
ertaklari asosida tashkil etilayotgan tarbiyaviy mashgʻulotlar, sahna
koʻrinishlari bolalar ongida milliy qadriyatlarni mustahkamlamoqda.
Farmonda
bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga taʼlim berishni ijobiy
munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida oʻyinga asoslangan taʼlimni
joriy etish vazifasi ham keltirilgan. Shundan kelib chiqib, ayni paytda
MTTlarda ijod va sanʼat yoʻnalishida tematik oʻyingohlar tashkil etilmoqda.
Bolalar oʻz qoʻllari bilan qoʻgʻirchoqlar yasash, turli sahna koʻrinishlarida
rollar ijro etish, musiqa asboblari bilan tanishish orqali ijodiy salohiyatini
namoyon qiladi. Rasm chizish, musiqa, qoʻshiq aytish, raqs va sahnalashtirish
mashgʻulotlari keng yoʻlga qoʻyiladi. Bu jarayon bolalarda tasavvur va ijodiy
fikrlashni rivojlantiradi.
Hujjatda
bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va sanʼat, fan
va matematika, til va tasavvur, robototexnika va ilk algoritmlash bilan bir
qatorda jismoniy faollik yoʻnalishida ham tematik oʻyingohlar ochish koʻzda
tutilgan. Shu asosda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sport maydonchalari,
harakatli oʻyinlar uchun ochiq va yopiq zallar tashkil etilmoqda. Ertalabki
badantarbiya, ochiq havoda sogʻlomlashtiruvchi mashgʻulotlar bolalarning
jismoniy rivojlanishiga xizmat qilishi, baquvvat, chiniqqan va sogʻlom boʻlib
oʻsishiga zamin yaratadi.
—
Toshkent shahridagi 122-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida maxsus
jihozlangan sport zali, rezina qoplamali ochiq maydoncha, bolalar uchun xavfsiz
mashq va harakatli oʻyinlar maydoni bor, — deydi Sirojiddin Rahmonberdiyev. —
Bu yerda har kuni ertalabki badantarbiya, haftalik sport soatlari va ochiq havoda
sogʻlomlashtiruvchi mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
Shuningdek,
Toshkent shahridagi 204-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Sogʻlom bola —
sogʻlom kelajak” shiori ostida jismoniy tarbiya dasturi amalga oshirilmoqda.
Bogʻchada bolalar uchun mini futbol, gimnastika, estafeta oʻyinlari, harakatli
mashqlar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan. Mashgʻulotlar bolalarning mushak, nafas
olish tizimi va umumiy harakat faolligini oshiradi. Intizom, jamoada harakat
qilish, oʻz sogʻligʻiga masʼuliyat bilan qarash koʻnikmalarini shakllantiradi.
Bolalar harakat orqali oʻz energiyasini toʻgʻri sarflaydi, immuniteti
mustahkamlanadi va maktab taʼlimiga jismonan tayyor holda kirib boradi.
Ushbu
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tajribasi boshqa hududlarga ham tatbiq
etilmoqda. Yangi sport maydonchalari barpo etilib, tarbiyachilar uchun jismoniy
tarbiya boʻyicha maxsus metodik tavsiyalar ishlab chiqilyapti.
Farmonda
simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uygʻotish, ekologik
madaniyatni shakllantirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim-tarbiya jarayonini
amalga oshirish vazifasi keltirilgan.
—
Bolalarni simulyatsion oʻyinlar orqali kasblar bilan tanishtirish, ekologik
tarbiya, ijtimoiy munosabatlarni oʻrgatishga qaratilgan mashgʻulotlar yoʻlga
qoʻyilyapti, — deydi Sirojiddin Rahmonberdiyev. — “Shifokor”, “Oshxona”,
“Quruvchi” kabi rolli oʻyinlar, tabiatni asrash mavzusidagi amaliy ishlar,
jamoaviy oʻyinlar bolalarni hamkorlikka va masʼuliyatga oʻrgatadi. Bu
yoʻnalishda joriy etilayotgan yondashuvlar ilgʻor xorijiy tajribalar, xususan,
Janubiy Koreya va Xitoy maktabgacha taʼlim tizimidagi innovatsion modellar
asosida takomillashtirilyapti.
Mutaxassisning
taʼkidlashicha, Janubiy Koreya tajribasida “hayotiy koʻnikmalar orqali taʼlim”
tamoyili ustuvor hisoblanadi. U yerda bogʻchalarda “mini city” — yaʼni kichik
shaharcha shaklidagi oʻyin muhitlari yaratilgan boʻlib, bolalar shifoxona,
doʻkon, oshxona, qurilish maydoni, politsiya boʻlimi kabi simulyatsion
hududlarda oʻyin orqali jamiyat hayotini oʻrganadi. Ushbu usul bolalarda
kasblarga qiziqish, jamoat joyida oʻzini tutish madaniyati va ijtimoiy
masʼuliyat hissini shakllantiradi. Oʻzbekistonda ham ayrim maktabgacha taʼlim
tashkilotlarida shu model asosida “Kasblar shaharchasi” uslubida tematik oʻyin
zonalari tashkil etilyapti.
Xitoy
tajribasida esa ekologik tarbiya va jamoaviy oʻyinlar alohida ahamiyat kasb
etadi. Bogʻchalarda bolalar tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy
mashgʻulotlarda ishtirok etadi. Gul ekish, chiqindilarni saralash, suvni
tejash, daraxtlarga gʻamxoʻrlik qilish kabi faoliyatlar simulyatsion oʻyinlar
bilan uygʻunlashtiriladi. Masalan, “Ekologiya qoʻriqchisi” oʻyini orqali
bolalar oʻzini tabiat himoyachisi sifatida his qiladi. Bu tajriba asosida
mamlakatimiz bogʻchalarida “Tabiatni asraymiz” mavzusida syujetli-rolli
mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilmoqda.
—
Respublika boʻyicha 6917 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 30 ming
882 ta guruhida tarbiyalanuvchilarning qoʻl mehnati buyumlari, chizmalari va
tabiiy materiallardan tayyorlangan ijodiy ishlari asosida “Ekologik burchaklar”
hamda 6588 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Ekologik yoʻlakchalar”
tashkil etilgan, — deydi S. Rahmonberdiyev. — Ushbu yoʻlakchalarda oʻyin orqali
bolalarning atrof-muhit bilan bevosita muloqotda boʻlish, oʻsimlik va hayvonot
olamini kuzatish orqali ekologik tafakkurini rivojlantirish imkoniyati
yaratiladi.
2025/2026
oʻquv yilidan boshlab “Ekologik burchaklar” va “Ekologik yoʻlakchalar”dagi
oʻyin orqali mashgʻulotlar, kuzatuv ishlari va sayrlar davomida tarbiyalanuvchilarga
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimlik va hayvonlar haqida
dastlabki tushunchalar berish tizimli yoʻlga qoʻyildi.
“Tasviriy
faoliyat” mashgʻulotlari jarayonida bolalar tomonidan muhofaza qilinadigan
oʻsimlik va hayvonlarning rasmlarini chizish amaliyoti joriy etilib, bu orqali
ularni tabiatni sevish, unga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish va ekologik
madaniyatni erta yoshdan egallashga yoʻnaltirish asosiy maqsad sifatida
belgilangan.
Ushbu
yondashuvning yana bir oʻziga xos jihati, ijtimoiy munosabatlarni oʻyin orqali
oʻrgatishdir. Jamoaviy oʻyinlarda bolalar navbat kutish, bir-biriga yordam
berish, kelishuvga erishish, bahsni tinch yoʻl bilan hal qilishni amalda
oʻrganadi. Bu esa ularning emotsional intellekt va muloqot madaniyatini
shakllantiradi.
Simulyatsion
va rolli oʻyinlar orqali taʼlim berish usuli Janubiy Koreya va Xitoy
tajribasiga tayangan holda mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda. Bu yondashuv
bolani faqat bilimli emas, balki hayotga tayyor, jamoada ishlay oladigan,
kasblarga qiziquvchan va tabiatga masʼuliyat bilan qaraydigan shaxs sifatida
tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bugungi
kunda maktabgacha taʼlim tashkilotlari bola kelajagini belgilab, salohiyatini
ochib beruvchi zamonaviy tarbiya va rivojlanish markazlariga aylanmoqda. Bu esa
yurtimiz kelajagi boʻlgan yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash yoʻlida muhim
qadamdir. Davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan farmoni ushbu xayrli
ishlarni yangi bosqichga koʻtarishi bilan ahamiyatli.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri