Biz, katta avlod vakillari farzand tarbiyasi haqida gap ketganda, köpinça bolaligimizni eslaymiz. Ota-onamiz bir iş buyursa, uni bajarişga harakat qilardik. Hovli supuriş, köçaga suv sepiş, keksalar holidan xabar oliş, haşarda qatnaşiş odatiy işlar edi. Buning uçun alohida dars ötilmasdi. Hayotning özi bizga saboq berardi.
Bugun zamon özgardi. Bolalarimiz dunyodagi eng yangi bilimlarni egallayapti, axborot texnologiyalaridan foydalanyapti, xorijiy tillarni örganyapti. Bundan, albatta, quvonamiz. Lekin bir aksioma bor: farzandimiz qançalik bilimli bölmasin, agar mehnatning qadrini bilmasa, katta-kiçikka hurmat körsatmasa, işiga masʼuliyat bilan yondaşmasa, uning bilimi jamiyatga naf keltirmaydi.
Şu masala har bir ota-onani, har bir ustozni, ayniqsa, biz — nuroniylarni öylantirişi kerak.
Yaqinda “Yapon tarbiyasi sirlari” kitobini mutolaa qilar ekanman, Yaponiyaning Ikkinçi jahon uruşidan keyingi taraqqiyoti haqida yana bir bor öyga toldim.
Uruşdan keyin bu mamlakatning köplab şaharlari vayron bölgan, iqtisodiyoti oğir ahvolga tuşgan edi. Ammo yapon xalqi katta maşaqqatlar evaziga yurtini qayta tikladi, sanoat va texnologiyada ulkan natijalarga erişdi.
Albatta, Yaponiya taraqqiyotini faqat tarbiya yoki intizom bilan izohlab bölmaydi. Bunda oqilona iqtisodiy siyosat, ilm-fan, texnologiya, boşqaruv va xalqaro hamkorlikning ham örni katta.
Lekin bir haqiqatni inkor etib bölmaydi: har qanday taraqqiyotning markazida inson turadi.
Işga öz vaqtida keliş, zimmasiga olgan vazifani puxta bajariş, jamoa manfaatini öylaş, boşqalar mehnatini hurmat qiliş, umumiy mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda böliş — bularning barçasi jamiyat rivojiga xizmat qiladi.
Bunday fazilatlar öz-özidan paydo bölmaydi. Ular bolalikdan, oila va maktabda, kundalik hayotda şakllanadi.
Yaponiya tajribasining men uçun eng eʼtiborli tomoni ham şunda.
Yapon maktablarida bolaga tartib-intizom haqida faqat gapirib berilmaydi. U tartibli yaşaşga örgatiladi. Mehnatning ahamiyati tuşuntiriliş bilan birga, bolaning özi ham yoşiga mos mehnat jarayoniga jalb etiladi. Jamoaviylik haqida maʼruza qiliş bilan çeklanilmaydi, öquvçilar birgalikda işlaş, bir-birini tinglaş va kelişib qaror qabul qilişga odatlantiriladi.
Bu yerda tarbiya sözdan amalga köçadi.
Yaponiya tajribasini örganiş özbek tarbiyasidan voz keçiş degani emas. Aksinça, biz asrlar davomida şakllangan milliy qadriyatlarimizni yanada mustahkamlaşning samarali usullarini izlaşimiz kerak.
Axir mehnatsevarlik bizga begona emas-ku!
Kattaga hurmat, kiçikka izzat, qöni-qöşniga yordam beriş, haşar qiliş, dasturxon odobi, ustozga ehtirom körsatiş xalqimizning azaliy fazilatlari. Bobolarimiz “Mehnatning tagi — rohat”, “Odob — oltindan qimmat”, deb bejiz aytmagan.
Farq şundaki, biz baʼzan şu qadriyatlarni farzandlarimizga nasihat orqali yetkazişga köproq harakat qilamiz. Yapon tajribasi esa ularni har kuni takrorlanadigan amaliy maşğulotga aylantiriş yöllarini körsatadi.
Masalan, bolaga “Ozoda böl”, deyiş mumkin. Lekin unga öz öquv joyini tartibga keltirişni örgatiş yanada taʼsirliroq.
“Bir-biringizga yordam bering”, deyiş mumkin. Ammo öquvçilarga birgalikda bajariladigan vazifa topşirilsa, ular hamkorlikning qadrini tabiiy his qiladi.
“Masʼuliyatli böl”, deb nasihat qiliş mumkin. Biroq bolaga muayyan vazifani işonib topşirib, uning natijasiga özi javobgar bölişini örgatiş butunlay boşqa samara beradi.
Demak, biz uçun eng töğri yöl xorij tajribasini köçiriş emas, uni milliy hayotimizga moslaştirişdir.
Şunday yondaşuvlar bugun Namangan viloyatidagi taʼlim muassasalarida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Viloyatda Yaponiyaning ilğor taʼlim-tarbiya usullarini örganiş va milliy şaroitimizga moslaştiriş maqsadida 17 ta umumtaʼlim maktabi hamda 18 ta maktabgaça taʼlim taşkiloti — jami 35 ta muassasa tajriba-sinov maydoni sifatida tanlangan. Ularda 4,5 mingdan ortiq bola qamrab olingan.
2025/2026 öquv yilida tajriba-sinov maktablarining boşlanğiç sinflarida 85 ta sinfdagi 2594 öquvçi bilan tegişli işlar olib borilgan.
Bu raqamlarning ortida katta maqsad turibdi. Gap faqat yangi dars usulini sinab köriş haqida emas. Asosiy niyat — bolalarning kundalik xulq-atvorida ijobiy odatlarni şakllantiriş.
Mazkur işlarga yaponiyalik mutaxassis Goto Mikako ham jalb etilgan. U taʼlim muassasalaridagi amaliy maşğulotlarni kuzatiş, pedagoglarga tavsiyalar beriş va tajriba almaşiş jarayonlarida iştirok etmoqda.
Uşbu taşabbus doirasida viloyatimizdan 24 pedagog Yaponiyada tajriba almaşib, u yerdagi taʼlim-tarbiya jarayonlari bilan bevosita tanişdi. Ular orttirgan bilim va könikmalarini mahalliy ustozlar bilan örtoqlaşmoqda.
Yaqinda Norin tumanidagi 41-umumtaʼlim maktabida bölib, Yaponiya tajribasi joriy etilgan sinfga kirdim. Bolalarning tartib-intizomi, odob-axloqi, özini tutişi va bir-biriga hurmatini körib, juda quvondim.
Yoş bolalarda şunday yaxşi fazilatlar şakllanayotganini köriş biz, kattalar uçun faxr-iftixor, katta baxt. Öşa yerda bir narsani yanada çuqurroq his qildim: tarbiyaning natijasi balandparvoz gaplarda emas, bolaning kundalik yuriş-turişi, muomalasi va odobida körinadi. Maktabdan yaxşi kayfiyat, ertangi avlodimizga yanada katta işonç bilan qaytdim.
Viloyatda yapon tajribasini milliy taʼlim muhitiga moslaştirişga qaratilgan metodik qöllanma ham tayyorlangan. Bu işlar tajribani faqat ayrim maktablar doirasida qoldirmasdan, ilğor jihatlarini bosqiçma-bosqiç ommalaştiriş uçun muhim asos böladi. Çunki yaxşi ğoyaning özi yetarli emas. Uni bola qalbiga yetkazadigan, hayotga tatbiq etadigan inson — ustoz. Ustoz yangi yondaşuvning mazmunini çuqur anglamasa, eng yaxşi dastur ham qoğozda qolib ketişi mumkin.
Yaponiya taʼlim tizimida “Tokkatsu” deb ataladigan öziga xos tarbiyaviy yondaşuv mavjud. U maktab hayotidagi jamoaviy faoliyatlar orqali bolalarda mustaqillik, masʼuliyat, hamkorlik va özini boşqariş könikmalarini rivojlantirişga qaratilgan. Buning mazmunini oddiy bir misol bilan tuşuntiriş mumkin.
Aytaylik, sinfda öquvçilarga umumiy vazifa berildi. Kimdir kitoblarni tartibga keltiradi, boşqasi öquv jihozlarini joylaştiradi, yana biri sinfdoşlariga yordam beradi.
Bunda maqsad bolalarni şunçaki işlatiş emas. Maqsad — har bir bolaga jamoaning bir aʼzosi ekanini, umumiy işda uning ham hissasi borligini anglatiş.
Yoki sinfda biror masala yuzasidan öquvçilarning fikri söraldi deylik. Biri öz taklifini aytadi, ikkinçisi uni tinglaydi, uçinçisi boşqaça fikr bildiradi. Oxirida ular özaro kelişib qaror qabul qiladi.
Mana şu oddiy jarayonda bola sabrni, özgalarni hurmat qilişni, fikrini asoslaşni va kelişuvga erişişni örganadi. Bu fazilatlar ertaga uning oiladagi, mehnat jamoasidagi va jamiyatdagi munosabatlarida ham asqatadi.
Namangandagi tajriba-sinov işlarida ham sinf navbatçiligi, umumiy jihozlarni asraş, ozodalikni saqlaş, vazifalarni taqsimlaş, jamoada işlaş va bajarilgan işlardan xulosa çiqariş kabi amaliy usullarga eʼtibor qaratilmoqda. Menimça, bu işlarning qadri ham aynan şunda: bola tarbiya haqida eşitibgina qolmay, uni har kuni öz hayotida his etadi.
Namanganda boşlangan işlar faqat dastlabki 35 ta taʼlim muassasasi bilan çeklanib qolayotgani yöq. 2026/2027 öquv yilida yapon tajribasiga asoslangan tarbiyaviy yondaşuvlarni 325 ta umumtaʼlim maktabida qöllaş, jami 40 ming 984 öquvçini qamrab oliş rejalaştirilgan.
Bu, albatta, katta kölam.
Lekin men bir narsani alohida taʼkidlagan bölardim: tarbiya sohasida faqat raqamning özi bilan qanoatlanib bölmaydi.
Biz uçun eng muhimi quyidagi yana bir neça savolga javob topiş.
Bola avvalgiga nisbatan masʼuliyatliroq böldimi? Öz işini mustaqil bajarişga örgandimi? Sinfdoşiga yordam beryaptimi? Umumiy mulkni asrayaptimi? Xatosini tan olib, uni tuzatişga harakat qilyaptimi? Mana şu savollarga javob topsak, işning haqiqiy samarasini köra olamiz.
Şu sababli tajriba-sinov muassasalarida amaliy maşğulotlarni kuzatiş, pedagoglarga metodik yordam beriş va öquvçilarning kundalik faoliyatidagi özgarişlarni örganiş muhim ahamiyat kasb etadi. Bir maktabda öquvçilarning mustaqilligi oşsa, boşqasida jamoaviylik mustahkamlansa, yana birida bolalarning mehnatga munosabati özgarsa, bularning har biri eʼtiborga loyiq natijadir. Muhimi, tarbiya bolaga bosim ötkaziş vositasi bölmasin, uning yaxşi fazilatlarini yuzaga çiqarişga xizmat qilsin.
Bugungi tarbiya masalasida gapirar ekanmiz, nuroniylarning örni haqida alohida töxtalişni istayman.
Nuroniy — faqat yoşi uluğ inson emas. U hayot tajribasiga ega, köpni körgan, yaxşilik bilan yomonlikning farqini anglagan, öz sözi va şaxsiy namunasi bilan yoşlarga taʼsir körsata oladigan inson. Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan gap bejiz aytilmagan.
Har bir mahallada katta hayotiy tajribaga ega ustozlar, mehnat faxriylari, ziyolilar, hunarmandlar, öz kasbining mohir ustalari yaşaydi. Nega ularning tajribasidan farzandlarimiz tarbiyasida kengroq foydalanmasligimiz kerak?
Bir nuroniy maktabga borib, bolalarga mehnatning qadri haqida suhbat qilib bersa, yana biri öz kasbi va hayot yöli haqida gapirsa, boşqasi yoşlarga hunar örgatsa, işonçim komilki, buning taʼsiri katta böladi. Ayniqsa, nuroniylar va öquvçilarning birgalikda köçat ekişi, mahalla obodonçiligida iştirok etişi, keksalar holidan xabar olişi, kitob mutolaasi va milliy anʼanalar haqida suhbatlar ötkazişi tarbiyaning jonli maktabiga aylanişi mumkin.
Bunday işlarda bola faqat tinglovçi bölib qolmaydi. U kattalar bilan yelkama-yelka turib, yaxşilik qilişning zavqini his etadi. Şu maʼnoda, Yaponiya tajribasi bilan özbek xalqining mahalla va ustoz-şogird anʼanalarini uyğunlaştiriş uçun katta imkoniyatlar bor.
Har bir mahalladagi hayot tajribasiga boy keksalarimiz öz hududidagi maktablar bilan yaqin hamkorlik örnatsa, öquvçilar bilan muntazam uçraşib, ularga mehnat, odob, halollik va insoniylik haqida hayotiy misollar asosida saboq bersa, qanday yaxşi bölardi. Bunda quruq nasihatdan köra, bolalar bilan birgalikda qilingan bitta xayrli iş köproq samara berişi mumkin. Zero, tarbiyada eng kuçli taʼsir şaxsiy namunadir.
Yana bir haqiqat bor: maktabda boşlangan yaxşi odat oilada davom etmasa, uni mustahkamlaş qiyin. Öquvçi maktabda öz buyumlarini tartibga solişga örganib, uyda barça işni onasi bajarişini kutib ötirsa, tarbiyada uziliş paydo böladi.
Maktabda kattalarga hurmat haqida gapirib, uyda bolaning oldida bir-birimizga qöpol muomala qilsak, bergan nasihatimizning taʼsiri kamayadi. Şuning uçun ota-ona ham farzandiga yoşiga mos masʼuliyat berişi kerak.
Bola öz xonasini yiğiştirsin, kitoblarini asrasin, dasturxonga yordam bersin, suvni isrof qilmasin, bobo-buvisining holidan xabar olsin. Bu işlar bolani qiynaş emas, aksinça, uni hayotga tayyorlaşdir.
Bugun hamma narsasi muhayyo qilib berilgan bola ertaga mustaqil hayotda qiynalib qolmasligi uçun unga kiçikligidan işonç bildirişimiz zarur. Ayni paytda intizomni qörqitiş bilan, mehnatga örgatişni esa bolaga oğir yuk ortiş bilan adaştirmasligimiz lozim.
Öğil-qizlarimiz nima uçun biror işni bajarayotganini tuşunsin. Uning fikri tinglansin, mehnati qadrlansin, xatosini tuzatişiga imkoniyat berilsin. Ana şunda masʼuliyat majburiyatdan odatga, odat esa insonning tabiatiga aylanadi.
Bugungi bolalar bizning avlodimizdan butunlay boşqa axborot muhitida ulğaymoqda. Ular telefon, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyo bilan muloqot qiladi. Buning yaxşi tomonlari köp. Lekin bunday şaroitda odob, andişa va masʼuliyatning ahamiyati yanada ortadi.
Farzandimiz köçada kattalarga hurmat körsatsa-yu, internetda boşqalarni haqorat qilsa, buni töğri tarbiya deb bölmaydi. U özi eşitgan har qanday xabarni tekşirmasdan tarqatsa, boşqalarning şaʼni va şaxsiy hayotiga beparvo qarasa, demak, biz unga masʼuliyatning mazmunini töliq anglata olmaganmiz.
Şuning uçun tarbiya faqat sinfxona yoki oila davrasi bilan çeklanmasligi kerak. U bola hayotidagi barça munosabatlarni qamrab olişi zarur. Yaxşi odobning ölçovi hamma joyda bir xil: inson boşqalarga hurmat bilan qaraşi, öz sözi va harakati uçun javobgarlikni his qilişi kerak.
Baʼzan biz jamiyatdagi katta özgarişlarni faqat yirik qurilişlar, yangi korxonalar, zamonaviy texnologiyalar bilan boğlaymiz. Albatta, bularning barçasi zarur. Lekin öşa binolarda işlaydigan, texnologiyalarni boşqaradigan, yurt taraqqiyotiga hissa qöşadigan inson qanday bölişi kerak? U bilimli, halol, mehnatsevar, intizomli, masʼuliyatli, özgalarga hurmatli bölişi lozim.
Bunday insonni bir kunda tarbiyalab bölmaydi. U bolaligidan öz vazifasini bajarişni, birovning mehnatini qadrlaşni, vaʼdasida turişni, qiyinçilikdan qoçmaslikni örganib boradi. Namanganda Yaponiya tajribasi asosida boşlangan işlarga men ana şu nuqtai nazardan qarayman.
Bu taşabbusning qimmati faqat xorijiy usullarni qöllayotganimizda emas. Eng muhimi, biz tarbiyaga yangiça nazar bilan qarayapmiz, uni kundalik hayotga yaqinlaştirişga intilyapmiz.
Albatta, hali örganiş, kuzatiş, töğrilaş va takomillaştiriş kerak bölgan jihatlar köp. Har qanday yangi tajriba öz natijasini vaqt ötişi bilan körsatadi. Biroq yönaliş töğri tanlansa, ustoz, ota-ona, mahalla va nuroniylar bir maqsad yölida hamjihat bölsa, bu harakat albatta samara beradi.
Men bir narsaga işonaman: bolaning qöliga supurgi tutqazişdan ham muhimroği unga umumiy joyni asraş masʼuliyatini anglatişdir. Biror vazifa berişdan ham muhimroği öşa vazifani vijdonan bajarişga örgatişdir. Odob haqida gapirişdan ham muhimroği kattalarning özlari unga namuna bölişidir.
Biz yapon metodikasidan foydalanib, özbek farzandini milliy qadriyatlarga sodiq, dunyoqaraşi keng, bilimli, mehnatsevar, mustaqil fikrlaydigan va masʼuliyatli inson qilib voyaga yetkazişimiz kerak. Bunda dunyoning qaysi burçagida bölmasin, foydali tajribani örganişdan çöçimasligimiz lozim. Zero, millatning ertangi qiyofasi bugun farzandlarimizga berayotgan tarbiyamizda aks etadi.
Ikromxon NAJMIDDINOV,
“Nuroniy” jamğarmasi Namangan viloyati
bölimi raisi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi