Uy-joyni olishda soliq oqibatlari yuzaga kelish-kelmasligini MV departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari Umid HAMROYEV tushuntirib berdi:

– Prezidentning 9.08.2021-yildagi “Etim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5216-son qarori bilan 2021-yil 15-avgustdan boshlab oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga:

  • ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kv.metrdan kam boʻlmagan 1 xonali;
  • voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kv.metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Bunday toifadagi bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan koʻchmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan koʻp kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi. Tegishli tuman (shahar)da koʻchmas mulk birlamchi bozorida kvartiralar mavjud boʻlmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan koʻchmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi.

Uy-joy xarid qilish va qurish uchun mablagʻlar Davlat byudjetidan ajratiladi.

Soliq solish maqsadlarida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan ajratiladigan bir martalik sovgʻa hisoblanadi (SK 369-m. 1-q. 1-b.). Uy-joy qiymati JSHDSni hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.