Yetimni qaramogʻiga olganning maqomi

    Shukrki, yurtimizda yetimlar boshini silaydigan mehribonlik uylari, saxovatli kishilar bor. Ammo har qancha yaxshilik koʻrmasin, sagʻir bolalarning kemtik qalbini oila degan ulugʻ qadriyatdan oʻzga narsa toʻldirolmasligi aniq.

    Xalqimiz azaldan saxovati bilan shuhrat qozongan. Soʻnggi yillarda kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalarga, yetimlar va mehribonlik uylariga yordam koʻrsatish anʼanasi yana ham keng ommalashdi. Odamlarning siniq qalbiga xursandlik va shodlik baxsh etish koʻpaymoqda. Bu jarayonda davlat tomonidan ham koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yordamga muhtoj oilalarni “Temir daftar”dan chiqarish, uy-joy bilan taʼminlash, nochor oilalar vakillari uchun ish oʻrinlari yaratish, vaqti-vaqti bilan holidan xabar olib turish qatʼiy odat tusini olyapti.

    Islom taʼlimotida ham muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzish, yetimlar boshini silash, ularga gʻamxoʻrlik qilish nihoyatda ajri ulugʻ, savobli amallardan sanaladi. “Har bir moʻmin kimsa otasi yoʻqning otasidir”, deganlaridek, yetimlarga gʻamxoʻrlik qilinsa, mehr berilsa, ular ham vatanga, jamiyatga, insonga, insoniylikka hurmat va muhabbat bilan ulgʻayadi. Shunday amallar tufayli jamiyatda oʻzaro hamjihatlik va birdamlik mustahkamlanadi.

    Yaratgan zot yetimning molini yeyish naqadar yomonligi haqida bunday marhamat qiladi: “Yetimlarning mollarini zulm yoʻli bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz qorinlariga olovni yegan boʻlurlar. Va, albatta, doʻzaxga kirajaklar!” (Niso surasi, 10-oyat). Haq taoloni rozi qilaman, degan har bir inson qalbida yetimlarga nisbatan shafqat va mehribonlikni shakllantirib boradi. Ularga ozor berish yoki haqini nohaq oʻzlashtirib olishni oʻzi uchun ulkan gunoh deb biladi.

    Ajdodlarimiz yetimparvarlikda boshqa xalqlarga namuna boʻlgan. Hozirgi paytda iymonli inson mehribonlik uyida voyaga yetayotgan bolalarni koʻrib beixtiyor koʻngli ranjiydi. Hurfikr insonlar jamiyati qanday begunoh bolalarni shunday koʻyga soladi?! Ular xolidan xabar olishga borilsa, qalbida ota-ona mehriga tashnalik qancha katta ekanini ilgʻab olish qiyin emas. Eng achinarlisi, ular orasida ota-onasi hayot boʻlaturib tashlab ketilganlar ham bor. Hayotda qanchadan-qancha inson tirnoqqa zor. Undaylar esa Olloh taolo bergan buyuk neʼmat boʻlmish farzandning qadriga yetmasdan, mehribonlik uylariga topshiradi.

    Shukrki, yurtimizda yetimlar boshini silaydigan mehribonlik uylari, saxovatli kishilar bor. Ammo har qancha yaxshilik koʻrmasin, sagʻir bolalarning kemtik qalbini oila degan ulugʻ qadriyatdan oʻzga narsa toʻldirolmasligi aniq.

    Albatta, yaqin-yaqingacha diyorimizda yetimxonalar boʻlmagan. Ajdodlarimiz bu masalaga jiddiy yondashgan, yetimlarga oʻz uyidan joy bergan, nonini boʻlishib yegan. Muqaddas dinimiz kimda-kim yetimga boshpana bersa, qornini toʻydirsa, boshqa jihatlardan gʻamxoʻrlik qilsa, ulugʻ ajr olishini vaʼda qiladi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Yetimni qaramogʻiga olgan odam men bilan jannatda mana bundaymiz”, dedilar-da, koʻrsatkich va oʻrta barmoqlariga ishora qilib, orasini sal ochib qoʻydilar” (Buxoriy rivoyati). Yetimni qaramogʻiga olish degani uni tarbiyalash, yedirib-ichirish, kiyintirish, uy-joy berish va agar mol-mulki boʻlsa, uni koʻpaytirishga koʻmaklashishdir.

    Ayniqsa, muqaddas Ramazon oyida yetimlar holidan tez-tez xabar olib turishning xosiyati katta. Bunday amallarda bardavom boʻlish odamiylikning yuksak namunasidir.

    Mashrab XIDIROV,

    Imom Buxoriyxalqaro ilmiy- tadqiqot markazi

    ilmiy xodimi