Taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish Yangi Oʻzbekistonning eng muhim vazifalaridan biri sifatida davlat siyosatining asosiy eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Mazkur islohotlar bilan tengma-teng qadam tashlayotgan Fargʻona davlat universiteti jamoasi ham oliy taʼlim tizimini jahon andozalariga mos darajaga koʻtarishga sidqidildan harakat qilmoqdalar.

 Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, kuni kecha ommaviy axborot vositalari orqali Fargʻona davlat universiteti dunyoning nufuzli reytingidan joy olgani toʻgʻrisida xushxabar tarqaldi.

Butun dunyoga oʻz nufuzi va shaffofligi bilan tanilgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education –“THE” reytingida universitet natijalari eʼtirof etildi. Unga koʻra, Times Higher Education (Impact Rankings) – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari” ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi global reytingda 14 yoʻnalish boʻyicha Fargʻona davlat universiteti yuqori koʻrsatkichlar bilan 1000+ natijani qayd etdi. Yaʼni - ushbu oliy taʼlim muassasasining yakdillikda qilayotgan mehnati xalqaro ekspertlar xulosalarida oʻz baxosini topdi.

Taʼkidlash zarurki, hozirgi kunda universitetda sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Bilim dargohlarining qiyofasi oʻzgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapdi, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilmoqda.

Fargʻona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor - Bahodirjon Shermuhammadov  tomonidan professor-oʻqituvchilar va ishchi xodimlar, olimlar, ijodkor ziyolilarga boʻlgan hurmatni, eʼtiborni oshirish, taʼlim-tarbiya, ilm-fan sohalarini takomillashtirish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.

Talaba-yoshlarimizning munosib bilim olishlariga, maʼnan va jismonan yetuk komil insonlar boʻlib voyaga yetishlariga yetarlicha imkoniyat yaratilib berilayotgani  - bugun ular erishayotgan natijalarda yaqqol koʻrinmoqda. Jahondagi bir necha mashhur universitetlarning ilmiy, taʼlimiy va tadqiqot faoliyati, shuningdek, xalqaro taʼlim dasturlari tizimi bilan hamkorlikda koʻplab ishlar olib borilmoqda. Zero, bu ishlarning natijasi kelgusida albatta taʼlim-tarbiya sifatida, yoshlarimiz kamolotida namoyon boʻladi.

Abdulatif ABDUMALIKOV,

FarDUning sirtqi taʼlim boʻlimboshligʻi,

Falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.