YTTB 2023 va 2024-yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6,5 foizga oʻsishini prognoz qildi

    Xalqaro hamkorlik 16 May 2023 1864

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2023 va 2024-yillarda 6,5 foizga oʻsishini prognoz qildi. Bu boʻyicha bank oʻzining mintaqaviy iqtisodiy prognozida maʼlumot bergan.

    Iqtisodiyotning oʻsishiga xorijiy investitsiyalar, kompaniyalar va jismoniy shaxslarning mamlakatga kirib kelishi, yaxshi tashkillangan xususiylashtirish jarayoni va biznes-muhitning isloh qilinishi taʼsir qilishi aytilgan. Bundan tashqari, tashqi bogʻliqlikning nisbatan kuchsizlanishiga qaramay, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining yanada kuchayishi va pul oʻtkazmalarining qisqarishi qiyinchilik tugʻdirishi mumkinligi qayd etilgan.

    Bank Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston iqtisodlari 2023-yilda oʻrtacha 5,2 foizga oʻsishini prognoz qilgan. Mintaqa iqtisodiyotining oʻsishiga Rossiyadan korxonalar va jismoniy shaxslarning koʻchib kelishi, boshqaruvning yaxshilanishi, tovarlar eksportining koʻpayishi va Xitoy bilan yangi aloqalar sabab boʻlishi qayd etilgan.

    Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bogʻliq noxush geosiyosiy hodisalarga chidamliligini koʻrsatgan. Mintaqa iqtisodlarining aksariyati xalqaro firmalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishi natijasida yuzaga kelgan boʻshliqda vositachi boʻlib, oʻz mahsulotlarini yetkazib berib, Rossiya bilan savdo hamkorligini mustahkamlagan. Markaziy Osiyoga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi ham sezilarli darajada oshgan. Bu esa banklarning depozitlari va foydasi oshishiga xizmat qilgan.

    Rossiya firmalari va jismoniy shaxslarining koʻchib kelishi chakana savdo, koʻchmas mulk va mehmondoʻstlik sohalarida talabni oshirgan.

    Ayni paytda, Rossiyadagi kuchli ishchi kuchi talabi va rublning mustahkamlanishi sabab mehnat muhojirlarining pul oʻtkazmalari ham oshgan. 2023-yilning birinchi choragida mintaqa boʻylab oʻsish davom etgan. Lekin aksariyat mamlakatlarda isteʼmol narxlari inflyasiyasi markaziy banklar tomonidan belgilangan maqsadli diapazonlardan ancha yuqori boʻlib qolgan.

    Mintaqa iqtisodlari yaqin kelajakda katta ehtimol bilan tez surʼatlarda oʻsishda davom etadi, biroq foiz stavkalari, inflyasiya va xom ashyo narxi boʻyicha global tendensiyalarga nisbatan noaniqlik saqlanib qolmoqda.