— Buni ogʻir, vahimali qabul qilish kerak emas, — deydi Markaziy bank raisi oʻrinbosari Behzod Hamroyev OAVlaridan biriga bergan intervyusida. — Chunki iqtisodiyotni oʻzini oʻzi toʻgʻrilash jarayoni boʻladi. Xorijiy valyutaga nisbatan talab va taklif muvozanatlashadi. Tan olish kerak, har doim kursning oʻzgarishi ogʻriqli boʻladi. Bu xuddi kasal boʻlganda achchiq dori ichish yoki ogʻriqli muolaja olishga oʻxshaydi. Muolaja ogʻriqli, lekin uni olmasangiz, kasallik gazak otib ketaveradi va ertaga bundan ham ogʻir davolanishga toʻgʻri kelib qoladi. Shuning uchun ham hozirda 3,5 –4 foiz, yil boshidan esa 7 foiz atrofida toʻgʻrilanish boʻlgani tabiiy jarayon va iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Markaziy bankning mazkur holatga bergan izohiga koʻra, “Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul oʻtkazmalari kanali orqali soʻmning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.

Bu, oʻz navbatida, eksport va pul oʻtkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatimizga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada ichki valyuta bozorida soʻm almashuv kursi devalvatsiyasi surʼatining biroz tezlashishi – fundamental omillar taʼsirida toʻgʻrilanishi kuzatildi.

Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishining oldini olish boʻyicha yetarli instrumentlarga ega boʻlib, zarur hollarda qoʻshimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.

Mazkur toʻgʻrilanish real samarali almashuv kursining uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif oʻsishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va oʻrta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror boʻladi.”

Bu fikrlarning dastlabki dalilini 11-avgust kuni Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan 14-avgustda amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilganida koʻrish mumin. Unga koʻra, dollar 33,15 soʻmga tushib, 12 041,88 soʻm, yevro 88,31 soʻmga pastlab, 13 219,58 soʻm boʻldi. Rubl 1,40 soʻmga tushib, 122,37 soʻmni tashkil qildi.

INFLYATSIYA VA NARX-NAVO

Lotincha “inflatio” soʻzidan olingan inflyatsiya soʻzi “shishish”, “boʻrtish”, “koʻtarilish” maʼnolarini anglatadi. Bunda mamlakatdagi tovar va xizmatlar bahosi umumiy darajasi oshishi (oʻsishi) tushuniladi. Narxlar koʻtarilishi natijasida mamlakat pul birligi (milliy valyuta) xarid qobiliyati pasayishi roʻy beradi. Inflyatsiyaning asosiy koʻrsatkichi isteʼmol narxlari indeksining muayyan davrdagi oʻzgarishi hisoblanadi.

Dunyo mamlakatlarining aksariyat qismi, jumladan, Oʻzbekistonda ham inflyatsiya darajasi “isteʼmol savatchasi” deb nomlanadigan, oʻrtacha odam yoki oila doimiy ravishda sotib oladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar toʻplamiga nisbatan aniqlanadi. U qimmatbaho tovarlar bilan emas, balki birlamchi kundalik mahsulotlar, masalan, turli xizmatlar, non, sabzavot, oʻsimlik yogʻi, tuxum, goʻsht, guruch kabi oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar bilan oʻlchanadi. Ushbu shartli savat narxi oyma-oy oʻzgarib turadi. Bunday oʻzgarish koʻrsatkichiga qarab inflyatsiyaning darajasi aniqlab boriladi.

2022-yilda yurtimizda inflyatsiya darajasi 12,3 foizni tashkil etdi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qoʻllab, joriy yilda bu koʻrsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilingan.

Prezidentimiz huzurida shu yilning 7-fevral kuni 2023-yilda inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda shunday raqamlar keltirilar ekan, buning uchun isteʼmol tovarlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon boʻlishini taʼminlash, aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi.

Shu yilning 23-mart kuni oʻtkazilgan videoselektorda ham oziq-ovqat taʼminoti aholi farovonligida va inflyatsiyani jilovlashda eng muhim omillardan biri ekani qayd etildi. Soʻnggi yillarda oziqbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qoʻshimcha yer foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilyapti.

Xalq dasturxoni toʻkin boʻlishi uchun davlatimiz rahbari farmoni bilan 2024-yil 1-yanvargacha 35 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bojlardan imtiyoz berildi. Bundan tashqari, 1-maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qoʻy va parranda goʻshti, tuxum va oʻsimlik yogʻi xarid qilsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi. Bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik boʻladi.

Jahonda oxirgi ikki yilda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayapti. Oʻsimlik yogʻi, sut va goʻsht narxi soʻnggi 30 yildagi eng yuqori darajaga koʻtarilgan. Transportda tashish, oʻgʻit va yoqilgʻi xarajatlari oshib ketgani ham oziq-ovqat narxlariga oʻz taʼsirini koʻrsatyapti.

Tahlillarga koʻra, bu holat 2023-yilda ham, kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi. Shu bois, oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, odamlarni band qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar topish kerak.

Yigʻilishda hududlardagi ana shunday imkoniyatlar tahlil qilinib, ularni ishga solish chora-tadbirlari belgilandi.

DEFLYATSIYA, ASOSIY STAVKA, KREDIT VA BOSHQA JIHATLAR

2023-yil iyul oyida Oʻzbekistonda 0,2 foizli deflyatsiya qayd etildi. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, isteʼmol narxlari indeksi pasayishi oziq-ovqat mahsulotlarining soʻnggi bir oyda oʻrtacha 0,9 foiz arzonlashgani hisobiga kuzatildi. Bu davrda nooziq-ovqat mahsulotlar 0,3 foiz, xizmatlar esa 0,5 foiz qimmatlashgan.

Yil boshidan buyon (yanvar-iyul oylarida) inflyatsiya 3,3 foizgacha pasaydi (oʻtgan oyda bu koʻrsatkich 3,45 foizni tashkil etgan). Yillik inflyatsiya (oʻtgan yilning iyul oyiga nisbatan) 9,8 foizgacha pasaydi — bu 2016-yil avgustidan beri eng past koʻrsatkich (8,6 foiz)dir. Ayni kezda shu yil davomida oziq-ovqat mahsulotlar oʻrtacha 10,7 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,3 foiz, xizmatlar 8,2 foiz qimmatlashdi.

Oxirgi oyda guruch va goʻsht qimmatlashgan, un, tuxum, sariyogʻ, sut va shakar arzonlashgan. Benzin narxi koʻtarilishda davom etgani holda gaz yonilgʻisi narxi deyarli oʻzgarmagan.

Yana bir muhim jihat — Markaziy bankning asosiy stavkasi. U inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumentlaridan biridir. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bogʻliq. Uni oʻzgartirish orqali iqtisodiyotda narxlar barqarorligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan pul-kredit sharoitlari yuzaga keladi.

Asosiy stavka darajasi Markaziy bank boshqaruvi majlislarida pul-kredit siyosati sharoitlari, joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi hamda makroiqtisodiy holatni inobatga olgan holda belgilab boriladi.

Markaziy bank boshqaruvi joriy yil 16-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajada belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Unda qayd etilishicha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi oʻtgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkani oshirish orqali qoʻyilgan qoʻshimcha yuklamani toʻliq olib tashlash imkonini beradi. Bunda yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlar saqlab qolinishini taʼminlashi taʼkidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushirilishi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga qanday taʼsir koʻrsatishini hisob-kitob qilib, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi isteʼmoli oshishi, kredit hajmi oʻsishi kutilayotganining dalolati sifatida baholagan edi.

Markaz tahliliga koʻra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat yalpi ichki mahsuloti 0,55 foiz oʻsadi, aholiga berilayotgan kredit miqdorini 2,6 foiz koʻpaytiradi. Natijada bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi isteʼmoli 0,2 foiz ortadi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oʻtkazgan tadqiqotga muvofiq, asosiy stavkaning 1 foiz bandga oʻzgarishi kredit stavkalarini oʻrtacha 0,6 foiz bandga, depozit stavkalarni 0,35 foiz bandga oʻzgartiradi.

Yana bir jihat, asosiy stavka kamayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni ragʻbatlantiradi. Buning natijasida yalpi investitsiyalar hajmi 0,68 foiz koʻpayadi.

Shu yil 27-iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish maqsadga muvofiq topildi. Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu qarorga kelishga qanday omillar sabab boʻlganiga izoh berildi.

— Inflyatsiya darajasi pasayatgan boʻlsa-da, fundamental talab omillari bosimlari saqlanib qolmoqda, — deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. — Joriy yil ikkinchi choragida umumiy inflyatsiya dinamikasi sekinlashishda davom etib, iyun oyi yakunida 9 foizgacha pasaydi. Bu holatni qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy omillar, oʻtgan yilgi yuqori baza effekti taʼsirlari chiqib ketishi, import narxlari barqaror saqlangani, yil boshidan shakllanayotgan monetar sharoitlar hamda tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolgani bilan izohlash mumkin.

Ayni paytda xizmatlarga yuqori talab saqlanib qolayotgani va ushbu sohada narxlar moslashuvi davom etayotgani hisobiga oʻtgan 6 oy davomida xizmatlar inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmadi. Bazaviy inflyatsiya ham kutilganidan koʻra sekinroq pasayib, iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi. Natijada bazaviy inflyatsiya va umumiy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda.

Shu oʻrinda bazaviy inflyatsiya nima, degan savolga aniqlik kiritib oʻtish oʻrinli boʻladi. Iqtisodiy adabiyotlarda bu inflyatsiyaning bir qismi boʻlgan, oʻzida maʼmuriy hamda mavsumiy omillarning narxlardagi taʼsirini hisobga olmagan holda tovar va xizmatlar narxining erkin oʻzgarishini (dinamikasini) aks ettiruvchi koʻrsatkichdir. Ushbu koʻrsatkich mamlakatdagi inflyatsiya darajasini muayyan bir davr uchun yaqqolroq ifoda etadi. Chunki bazaviy inflyatsiya isteʼmol savatidagi mavsumiy, qisqa muddatlarda narx-navosi tez-tez oʻzgarib turuvchi, qiymati davlat tomonidan tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlar narxini inobatga olmaydi.

Shu yilning dastlabki olti oyida maʼmuriy va mavsumiy omillarning narxlarga taʼsirisiz hisoblangan bazaviy inflyatsiya kutilganidan koʻra sekinroq pasaydi va iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi. Natijada bazaviy va umumiy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut oshib borishi kuzatilmoqda. Oʻrtacha yillik inflyatsiya ham joriy inflyatsiyadan yuqori daraja kasb etgan. Bu holat narxlar shakllanishida fundamental talab omillari taʼsiri saqlanib qolayotgani, isteʼmol bozorlaridagi talab va taklif toʻliq muvozanatlashmaganini koʻrsatmoqda, isteʼmol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushi yuqoriligida ham namoyon boʻlmoqda.

Tahlil etilayotgan davrda aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasayib, iyun oyida 13-13,5 foiz oraligʻida boʻldi. Bunda inflyatsion kutilmalarning asosiy omillari qatorida valyuta kursi oʻzgarishi, ish haqi va nafaqalar oshishini kutayotgan respondentlarning ulushi ortgan.

Matbuot anjumanida yana bir muhim koʻrsatkichga eʼtibor qaratildi. Joriy yilning 6 oyida banklar tomonidan 116 trillion soʻmlik, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobar koʻp kreditlar ajratilgan. Ushbu oʻsishni, asosan, aholiga ajratilayotgan chakana kreditlar qoʻllab-quvvatlamoqda. Iyun oyi yakunlari boʻyicha aholiga ajratilgan kreditlar (46 trillion soʻm) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobar oʻsdi. Bunda chakana kreditlarning yillik oʻsish surʼatlari oʻtgan oydagi koʻrsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi. Aholining avtokreditlar, mikroqarz, mikrokredit hamda ipoteka kreditlariga talabi yuqori boʻldi.

Markaziy bank raisining qayd etishicha, ushbu holat uy xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlarda ham oʻz ifodasini topgan. Respondentlarning aksariyati kelgusida uy-joy, mebellar, maishiy texnika hamda avtomobillar xaridi uchun kreditlar olishini va xarajatlari koʻpayishini maʼlum qilgan. Chakana kreditga talab ortib borishiga aholining kelgusidagi daromadlari oʻsishi boʻyicha ishonchlari oshayotgani asosiy sabab boʻlmoqda. Ajratilayotgan kreditlar, asosan, isteʼmolni qoʻllab-quvvatlovchi xususiyatga ega ekani kelgusida talab inflyatsiyasi uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora qilmoqda. Ushbu segmentda “iqtisodiy qizish”ning oldini olish uchun makroprudensial talablar kuchaytirildi va chakana kreditlarning yillik oʻsish surʼatlari iyun oyida oʻtgan oylardagi koʻrsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi.

Shu yilning 2-avgust kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash choralari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani taʼkidlandi. Lekin haligacha qariyb 3 trillion soʻm kredit qaytmagan.

Bundan tashqari, hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard soʻm kredit maqsadsiz sarflangani aniqlangan. Bu borada kamchiliklarga yoʻl qoʻygan qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.

MILLIY VALYUTA QADRI VA ASOSIY KUTILMALAR

Sharhimiz boshida qayd etilganidek, inflyatsiya deganda mamlakatdagi tovar va xizmatlar bahosi umumiy darajasining oshishi (oʻsishi) tushuniladi. Narxlar koʻtarilishi natijasida mamlakat pul birligi (milliy valyuta) xarid qobiliyatining pasayishi roʻy beradi.

Markaziy bankda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida OAV vakillari tomonidan xuddi shu masalaga doir savollar berildi.

— Nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda milliy pulning qadrini iqtisodiyot belgilaydi, — dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov. — Yaʼni iqtisodiyotning barqaror oʻsishi, uning tashqi iqtisodiy faoliyatda inklyuziv rivojlanishi milliy pul qadrini belgilaydigan eng asosiy koʻrsatkichdir. Oʻzbekistonda 2017-yildan, yaʼni valyuta bozori erkinlashtirilganidan beri bugungi kungacha boʻlgan valyuta kursining oʻzgarishini tahlil qilsak, koʻplab davlatlardagi valyuta qadrsizlanishidan bizdagisi ancha past. Shu nuqtayi nazardan, 4 yildan ortiq vaqt davomida milliy valyutamiz oʻrtacha 6–7 foiz qadrsizlanyapti.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining baholashiga koʻra, 2023-yilning birinchi yarmida yanvar oyidagi prognozga qaraganda ancha ishonchli iqtisodiy oʻsish kuzatilgan. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham mavjud iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib, davlatlar boʻyicha oʻsish prognozlarini yangiladi. Xususan, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasining 2023-yil iyun oyidagi “Global iqtisodiy istiqbollar” prognozlarida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2023-yilda 5,1 foiz, 2024-yilda esa 5,4 foiz atrofida oʻsishi bashorat qilinmoqda

Bu prognozlar amalda oʻz ifodasini topyapti. Iqtisodiy oʻsish surʼatlari joriy yil birinchi yarim yilligida 5,6 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yuqori surʼatlarni qayd etdi. Kreditlash surʼatlari tezlashishi, byudjet xarajatlari ortib borishi, xususan, ish haqi va nafaqalar oshirilishi iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy omillar sirasiga kiradi.

Markaziy bankning yangilangan prognozlariga koʻra, iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy sharoitlarga moslashuvi davom etayotgani va ayrim noaniqliklar saqlanib qolayotgani sababli 2023-yil yakunlari boʻyicha real YAIM oʻsishi 5-6 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda. Bunda aholi daromadlari oshishi, fiskal ragʻbatlar, investitsiya va xizmatlar sohasidagi faollikning yuqoriligi iqtisodiy oʻsishni asosiy qoʻllab-quvvatlovchi omillar boʻladi.

Joriy yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanishi 8,5—9,5 foiz atrofida boʻlishi borasidagi prognozlar oʻzgarishsiz qoldirildi. Oʻz navbatida, umumiy inflyatsiyaning barqaror shakllanishi yil soʻnggigacha bazaviy inflyatsiya darajasi 7,5-8,5 foizgacha pasayishini talab etadi. Joriy bazaviy inflyatsiyaning kutilganidan sekinroq pasayib borayotgani hamda umumiy inflyatsiya bilan farqi oshib borayotgani inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi boʻyicha xavotirlarni kuchaytiradi. Bunda pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat nisbatan qatʼiy darajada saqlab turish lozimligini koʻrsatadi. Shundan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining joriy tendensiyasini saqlab qoladi va pul bozoridagi real foiz stavkalarining kamida 3-4 foizli ijobiy darajasini taʼminlashni taqozo etadi. Bu jarayonda inflyatsiya darajasi pasayib borishi bilan nominal stavkalarni pasaytirish boʻyicha qarorlar qabul qilinishi mumkin.

Kuni kecha Buxoro shahrida Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizda paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish hisobiga aholiga dehqonchilik qilishi uchun 200 ming gektar yer maydonlari ajratilishi natijasida 700 ming aholi doimiy, yana 1,3 million nafari mavsumiy ish bilan taʼminlandi, 605 ming nafar (90 foiz) dehqonlarning daromadi koʻpaydi. Paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirib, kelayotgan kuzda va kelgusi yil bahorida yana 70 ming gektar ekin yerlarini aholiga tarqatish reja qilingan.

Lekin hokimlar bugungi kungacha ajratilgan 200 ming gektardan samarali foydalanishni toʻgʻri tashkil qila olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil qilgani, bu borada kartoshka, piyoz, un va yogʻ mahsulotlari oʻtgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil boʻlgani eʼtirof etildi. Lekin, takroriy ekin ekish ishlari toʻgʻri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52 foizgacha oshgan, pomidor 2 barobar qimmatlagan, bodring narxi 1,7 barobargacha oʻsgan. Bundan tashqari, respublika boʻyicha bor-yoʻgʻi 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan.

Yigʻilishda bundan buyon tuman hokimlari oʻz hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishi taʼkidlandi.

— Shu oʻrinda hokimlarni qatʼiy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan boʻlmasligi kerak. Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni koʻpaytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali taʼminlanishi shart, — dedi davlatimiz rahbari.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda pul-kredit siyosatini amalga oshirishda asosiy eʼtibor – iqtisodiyotda narxlar barqarorligini taʼminlash va inflyatsiya darajasini 5 foizlik oʻrta muddatli targetiga erishishga qaratiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi