Uchrashuvda yurtimizda ikkita muhim universitet – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti (“Green University”) va “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ochilishi alohida taʼkidlandi.
Muzokaralar chogʻida telekanallarda mamlakat haqidagi xolis maʼlumotlarni yoritish, uning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini xalqaro maydonda targʻib qilish orqali Oʻzbekiston imijini ommalashtirish boʻyicha samarali hamkorlikni muhokama qilishdi. Qoʻshma loyihalar, jumladan, hisobotlar, dasturlar, reklama va Oʻzbekistondagi yirik tadbirlarni yoritish minglab yangi sayyohlarni jalb qilishi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: “Euronews” – Yevropaning kunlik 24 soatlik yangiliklar kanali boʻlib, oʻzida jahon voqealari videoxronikasi va 30 tildagi audio sharhlarni birlashtirgan. Joriy yilda telekanal Oʻzbekiston haqida keng koʻlamli axborot kampaniyasini boshlab yubordi, jumladan, 280-martalik translyatsiyadan iborat 5 ta koʻrsatuv, 630-martalik translyatsiyadan iborat reklama roliklari namoyishi boʻlib oʻtdi, “Euronews” sayti va ijtimoiy tarmoqlarda maqolalar chop etildi.
Bundan tashqari, hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda ekoturizm va ekologik tashabbuslar boʻyicha maxsus dasturlar turkumini yaratish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston tomoni, shuningdek, yosh va faol auditoriyani jalb qilishga yordam beradigan ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar uchun kontent ishlab chiqishni taklif qildi.
Tomonlar “Euronews” platformasi orqali yangi loyihalarni amalga oshirish va Oʻzbekistonni jahon miqyosida samarali targʻib qilish mexanizmlarini aniqlash boʻyicha aniq qadamlarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.