O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizim tashkilotlari, jumladan, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK mutaxassislari uchun 3 kun davomida muvofiqlikni baholash sohasida Yevropa davlatlarida olib borilayotgan ishlar va o'ziga xos amaliyot bilan tanishtiruvchi seminar bo'lib o'tdi.

Yevropa komissiyasining texnik yordam va ma'lumot almashish loyihasi tomonidan tashkil etilgan seminarda Belgiya iqtisodiyot, o'z-o'zini ish bilan ta'minlash va energetika bo'yicha Federal davlat xizmati katta bosh maslahatchisi va boshqaruvchi direktori Morin Logge, Ruminiya standartlashtirish Assotsiatsiyasi boshqarma boshlig'i Speranta Stomff, Ruminiya standartlashtirish Assotsiatsiyasi eksperti Diana Andreya Yorga va Bolgariya metrologik va texnik nazorat Davlat agentligi bosh kotibi Daniela Milanova-Gorchevalar o'z ma'ruzalari bilan qatnashdi.

Seminarning birinchi kuni YI bozorlarida nazorat yuritishning umumiy asoslari, mahsulot markirovkasi, YIning muvofiqlik Deklaratsiyasi, texnik hujjatlar, muvofiqlikni baholash jarayonlari xaqida ma'lumotlar berilib, ishtirokchi va ekspertlar o'rtasida fikr-mulohazalar almashindi.

Mashg'ulotlarda akkreditatsiya va uyg'unlashtirilgan tarmoq qonunchiligi, xavflarni baholash, erkin sanoat hududi va o'yinchoqlar havfsizligi bo'yicha qonunchilik bazasi xususida ma'ruzalar tinglandi va bu boradagi Yevropa tajribasi misollar yordamida tushuntirildi.

Uchrashuvda ekspertlar YI qonunchiligida standartlarga qanday turdagi havolalar berilganligi va ularni amaliyotda qanday qo'llash lozimligi haqida foydali ma'lumotlarni keltirdi. Shuningdek, yagona bozorda texnikalarning erkin harakatlanishi, YIning fuqarolar va xodimlar xavfsizligini yuqori darajada ta'minlash uchun qanday ishlar olib borayotganliklari haqida gapirib berdilar.

Aytish joizki, hozirda O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash, ishlab chiqarish va savdo bilan bog'liq bir qator qonun hujjatlari va me'yoriy aktlarni qayta ko'rib chiqmoqda. Ushbu jarayonda amaliyotdagi hujjatlar rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik qilishda barcha jihatlarni qamrab olmaganligi ko'zga tashlandi. Yevropa davlatlari tajribasi bilan tanishish esa mavjud bo'shliqlarni to'ldirishga, O'zbekiston savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirib, qonuniy asosni iqtisodiyoti mustahkam, xususan, YI davlatlarida qabul qilingan me'yor va talablarga yaqinlashtirish imkonini beradi.