Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash yoʻllari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Yanvar 2023 1291

    Joriy yil 30-yanvarda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan uchrashdi.

    Kun tartibida – savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda munosabatlarni chuqurlashtirish, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi doirasidagi hamkorlik va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalari.

    Muloqot chogʻida oʻzaro tovar ayirboshlashning oʻsish dinamikasi taʼkidlandi. Uning hajmi 2022-yilda 15,7 foizga oshib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston bilan oʻzaro savdo hajmi boʻyicha yetakchi beshtaligiga Germaniya, Litva, Italiya, Polsha va Fransiya kiradi. Oʻsish tendensiyalari, boshqa jihatlar bilan bir qatorda, Oʻzbekistonning GSP+ preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomiga ega boʻlgani bilan bogʻliq. Yevropa Ittifoqi bozoriga yetkazilgan eksport hajmining oʻtgan yilga nisbatan qariyb 50 ga oshgani va diversifikatsiya qilingani aynan shu maqom beradigan imtiyozlar bilan bogʻliq.

    Yevropa tomoniga mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonida, xususan, Ittifoq tomonidan moliyalanayotgan «Oʻzbekistonning JSTga kirish jarayoniga koʻmaklashish» loyihasini amalga oshirish orqali koʻrsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

    Alohida tartibda ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Xususan, ijrosiga 76 million yevro ajratilgan 2021-2024-yillarga moʻljallangan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston boʻyicha yangi koʻp yillik indikativ dasturi koʻrib chiqildi. Dasturning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, samarali davlat boshqaruvi, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va boshqa yoʻnalishlari Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiqligi alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish va koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish niyatlarini tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.