Yevropa Ittifoqi Isroil G'azo sektoridagi gumanitar vaziyatni yaxshilash bo'yicha bergan va'dalarini qanday bajarayotganini diqqat bilan kuzatib boradi va agar biror siljish bo'lmasa, chora ko'rishga tayyor. Bu haqda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari kengashi yig'ilishidan so'ng Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha oliy vakili Kayya Kallas ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, G'azoda “ba'zi ijobiy belgilar” bor, ammo bu yetarli emas.
“Isroil u yerdagi sharoitlarni yaxshilash uchun aniqroq qadamlar qo'yishi kerak”, dedi u.
Kallas Yevropa Ittifoqi majburiyatlarning bajarilishini muntazam ravishda baholab borishini tasdiqladi.
“Biz kelishuvlarning bajarilishini kuzatib boramiz. Har ikki haftada Isroilning erishilgan kelishuv doirasidagi harakatlari haqidagi hisobot yangilanadi”, dedi u.
Yevropa Ittifoqi kengashi yig'ilishida Isroil o'z majburiyatlarini buzgan taqdirda mumkin bo'lgan choralar muhokama qilindi.
“Bu variantlar stolda qolmoqda. Qarorlarni a'zo davlatlar qabul qiladi. Bizning maqsadimiz Isroilni jazolash emas, balki G'azodagi vaziyatni chinakam yaxshilash”, deya ta'kidladi Kallas.
Uning qo'shimcha qilishicha, hozirgi gumanitar vaziyat “qabul qilib bo'lmas” darajada. Agar siljish bo'lmasa, Yevropa Ittifoqi davlatlari Isroilga qarshi keyingi qadamlarni ko'rib chiqadi.
10-iyul kuni YI va Isroil G'azoga oziq-ovqat va boshqa tovarlar yetkazib berishni ko'paytirish, Iordaniya va Misr orqali insonparvarlik yo'laklarini ochish, novoyxonalar va oshxonalar orqali oziq-ovqat tarqatishni tashkil etish, yonilg'i yetkazib berishni qayta tiklash, gumanitar xizmatchilar xavfsizligini ta'minlash, suv tozalash inshootlariga elektr energiyasini tiklash bo'yicha kelishuvga erishdi, deb xabar beradi trt.global.