Tadbirda afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, Afgʻonistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning hududida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha xalqaro hamda mintaqaviy saʼy-harakatlar muhokama etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev oʻz nutqida mamlakatimizning Afgʻonistonga nisbatan yuritayotgan siyosati, uning asosiy jihatlari, jumladan, mamlakat yangi hukumati bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuv ishtirokchilari Afgʻonistondagi ogʻir insonparvarlik vaziyatdan xavotirda ekanliklarini qayd etib, boshqa davlatlarni ham ushbu mamlakat xalqiga mazkur xayrli ishga qoʻl urishlariga chorladi.

Afgʻonistonning yangi rasmiylari keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish boʻyicha oʻz vaʼdalari va xalqaro majburiyatlarini bajarishi, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi, shuningdek, mamlakat hududining xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan Maxsus vakillar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Termiz shahrida Afgʻonistonga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun Koʻptarmoqli transport-logistika xabini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdilar.

Ushbu shakldagi muloqotni Afgʻoniston xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maslahatlashuvlar va hamkorlik platformasi sifatida muntazam ravishda davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir yakuni boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.