Yevropa Ittifoqining (YEI) O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yuqori martabali mulozim O‘zbekistonda ham qator uchrashuvlar o‘tkazadi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela tashrif mobaynida YEI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy taraqqiyotni kuchaytirish, ish o‘rinlarini yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan "Global Gateway" tashabbusini kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Komissar Yozef Sikela mintaqaga safari mobaynida "Global Gateway" strategiyasining transport, muhim xomashyo, raqamli aloqalar, suv, energetika va iqlim kabi yo‘nalishlariga oid bir qator hujjatlarni imzolashi kutilmoqda.

"Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining muhim hamkori bo‘lib, bizning aloqalarimiz istiqbolda ham ulkan salohiyatga ega. Bugungi global muammolar mustahkam hamkorlik zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi va men ushbu safar davomida aynan shuni kuchaytirishga intilaman", dedi Yozef Sikela.

U O‘zbekistonga tashrifi davomida rasmiylar bilan uchrashadi, shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)ga tashrif buyuradi. Mahalliy va yevropalik tadbirkorlar bilan fikr almashish, ertasi kuni esa raqamli texnologiyalar sohasidagi mintaqaviy loyihalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.