Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2022 898

    2022-yil 13-mayda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi koʻp qirrali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya-texnikaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Unda respublikaning JSTga qoʻshilishi boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishini oʻtkazish masalalari, boʻlajak Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik qoʻmitasi yigʻilishining kun tartibi va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

    Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida tovar aylanmasining 30%ga oʻsishi, shu jumladan, Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomi tufayli Oʻzbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish hajmi 56%ga oshishi kuzatildi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qoʻshma tashabbus va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.