Yevroparlament: Serbiya Rossiyaga qarshi Yevropa sanktsiyalariga qo'shilmas ekan, Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'la olmaydi

    Serbiya Rossiyaga qarshi Yevropa sanksiyalariga qo'shilmas ekan, Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'la olmaydi, deb qaror qildi Yevroparlament. Belgrad buni amalga oshirish niyatida emasligini bir necha bor ta'kidlagan.

    Rossiyaga qarshi Yevropa sanksiyalar rejimiga qo'shilish Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishining majburiy shartidir. Yevroparlament bu rezolyutsiyani 22-oktabr, chorshanba kuni ma'qulladi. 720 a'zodan 457 nafari yoqlab, 103 nafari qarshi, 72 nafari esa betaraf ovoz berdi. Yevroparlament rezolyutsiyalari siyosiy pozitsiyani ifodalaydi va Yevropa Ittifoqining boshqa institutlariga chaqiruv bo'lib, biroq majburiy xarakterga ega emas, deb xabar berdi dw.com.

    Yevroparlament Serbiyadagi “Rossiyaparast tashviqot”ga qarshi

    Qaror Serbiyaning Novi-Sad shahrida 16 kishi halok bo'lgan fojianing yaqinlashib kelayotgan sanasiga bag'ishlangan. Fojia ortidan butun mamlakat bo'ylab minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqdi. Yevroparlament namoyishchilarning namoyish qilish huquqini qo'llab-quvvatladi va ularni tarqatib yuborgan hukumatni qoraladi.

    Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Serbiyada “hukumat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari va rasmiylar” tomonidan olib borilayotgan “aksilevropa va rossiyaparast tashviqot”ga ishora qilishdi. Rezolyutsiya Serbiyada erkin va adolatli saylovlar o'tkazilishini talab qiladi.

    Yevroparlament Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishini qo'llab-quvvatlaydi, biroq sanktsiyalar sharti bilan

    “Parlament demokratiya, qonun ustuvorligi va asosiy huquqlar sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan holda, shuningdek, Yevropa Ittifoqining umumiy tashqi va xavfsizlik siyosati va Rossiyaga qarshi sanksiyalariga to'liq rioya qilganda Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish istiqbollariga qat'iy sodiqligini ta'kidlaydi”, deyiladi matnda.

    YI vakillaridan iborat delegatsiya Serbiyaga “joydagi vaziyatni, jumladan, demokratiya holatini baholash uchun” yuboriladi, deyiladi rezolyutsiyada.

    Vuchich: Xorvatiya Serbiyada “rangli inqilob” tayyorlamoqda

    Serbiya rasmiylari avvalroq Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo'llash niyatida emasligini bir necha bor ta'kidlagan edi. Prezident Aleksandr Vuchich 2025-yilning iyul va avgust oylarida ham xuddi shunday bayonotlar bilan chiqqan edi.

    Yevroparlamentning 22-oktabrdagi rezolyutsiyasi haqida Vuchich TANYUG axborot agentligiga u “patologik yolg'onlarni” o'z ichiga olganini aytdi. Siyosatchining fikricha, hujjat ortida Serbiyada “rangli inqilob”ga intilayotgan Xorvatiya turgan.