Suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama sheriklikning dolzarb masalalari, shuningdek, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning (KSHHB) kelishilgan loyihasi, Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi va Yevropa Ittifoqining “PBT+” Preferensiyalarining bosh tizimiga qoʻshilishi doirasida birgalikda olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi savdo aylanmasida soʻnggi 3 yil davomida erishilgan 50% dan ortiq oʻsishni mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda oʻzaro savdo koʻrsatkichlarini oshirish va yaqin kelajakda uning hajmini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha birgalikda samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston tomoni YEIga Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlagani, xususan, texnik koʻmaklashish loyihasini moliyalashtirgani va amalga oshirgani uchun oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Yevropa tomoni, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralarda amaliy yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, V.Dombrovskis YEIning Oʻzbekistonga “PBT+”ning benefitsiar mamlakati maqomini olishda yordam berishga sodiqligini bildirdi, bu esa oʻzbekistonlik 6 mingdan ortiq turdagi tovarlar ishlab chiqaruvchilariga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.
KSHHB loyihasi boʻyicha kelishish jarayonida sezilarli yutuqlarga erishilganligi qayd etildi – hozirgi kunga kelib muzokaralarning 18 turi oʻtkazildi, hujjatning bir qator boblari va boʻlimlari kelishib olindi hamda mavjud masalalarni muhokama qilish va hal etish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Muzokara jarayonini jadallashtirish borasidagi keyingi qadamlar va bu yoʻnalishdagi ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi, xususan, taʼlim sohasida – “Erazmus” va “Gorizont Yevropa” Yevropa taʼlim dasturlari doirasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.