Yevropa oʻyinlarida oʻzbek milliy kurashining taqdimoti oʻtkazildi

    Polshaning Krakov va Malopolska shaharlarida oʻtgan 3-Yevropa oʻyinlarida milliy sportimiz kurashning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbirga koʻhna qitʼaning 50 ga yaqin davlatidan sportchilar tashrif buyurdi. Taqdimot shaklidagi musobaqa Yevropa ochiq chempionati maqomida tashkil etildi.

    Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi hamda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, shuningdek, yurtimizning Polshadagi elchixonasi hamkorligida oʻtkazilgan ochiq chempionatda yevropalik nomdor polvonlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida kurash boʻyicha oʻquv-seminar mashgʻulotlari uyushtirildi. Unda polvonlar va ularning murabbiylariga kurash qoidalari, bellashuvlarni baholash tartibi tushuntirildi.

    Bundan tashqari, tadbir davomida matbuot anjumani tashkil etilib, ommaviy axborot vositalariga kurashning dunyodagi rivoji, Olimpiya oʻyinlari dasturidan oʻrin olishi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Mukofot jamgʻarmasi 7000 yevrodan iborat musobaqa erkak va ayollar oʻrtasida mutlaq vazn toifasida boʻlib oʻtdi. Yakunda gʻolib va sovrindorlar quyidagicha koʻrinish oldi:

    Erkaklar:
    1. Viktors Resko (Latviya)
    2. Aleksandr Kalabis (Serbiya)
    3. Boban Danov (Shimoliq Makedoniya)
    3. Vojcechkazimiyerz Kordya (Polsha)

    Ayollar:
    1. Sandra Liskum (Polsha)
    2. Ranalda Zubaviseni (Litva)
    3. Viktoria Boloxan (Belgiya)
    3. Aleksandra Lorena (Ruminiya)