Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi bilan Afgʻonistondagi vaziyat muhokama qilindi

    Xavfsizlik 26 Avgust 2021 1634

    Senat Raisi birinchi oʻrinbosari S. Safoyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi M. Sederfeldning Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari doimiy delegatsiyalari rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan onlayn uchrashuvida ishtirok etdi.

    Shuningdek, tadbirda Parlament assambleyasi raisining oʻrinbosari, Assambleyaning Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston boʻyicha maxsus vakili P. Kauma, Parlament assambleyasi bosh kotibi R. Montella, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi missiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
    Uchrashuv davomida YEXHTning Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlashdagi roli, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyat, ushbu mamlakatdagi vaziyat bilan bogʻliq masalalar batafsil muhokama qilindi.

    Xususan, tomonlar Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda tuzilmalarning ishtirok etishi mexanizmlari, tizimli parlamentlararo muloqot yuritish hamda “tahdidlarning qoʻshni davlatlarga tarqalib ketishiga” yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tezkor choralar koʻrish yuzasidan fikr almashdilar.

    Oʻz navbatida, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi M. Sederfeld Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi konstruktiv va izchil pozitsiyasini yuqori baholadi. U Toshkentning ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligini taʼminlash borasida parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan maksimal darajada foydalanish tashabbuslarini maʼqulladi. U Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlikka tayyorligini taʼkidlab oʻtdi.

    Tadbir natijasida tomonlar xavfsizlik sohasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, chegara nazoratini mustahkamlash dasturlarini amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.