Bir guruh topograflar, olimlar va sportchilar, jumladan fransuz biatlonchisi Marten Furkad 14-16-sentabr kunlari cho'qqining balandligini o'lchash ishlarida ishtirok etishdi. Ularning hisob-kitoblariga ko'ra, tog' cho'qqisining balandligi 4805,59 metrni tashkil qiladi.

Tadqiqotchilarning fikriga ko'ra, uning balandligi o'zgarib turadi, ammo o'tgan oydagi natija rekord darajadagi eng past ko'rsatkichdir. 2001-yilda balandlik 4810,40 metrni tashkil etgan bo'lsa, 2019-yilgacha u 4808 metrdan pastga tushmadi. 2019-yilda tog' cho'qqisi 4806 metrgacha pasaydi. Qoyali qismning balandligi qor qoplamini hisobga olmaganda 4792 metrga yetishi aytildi.

Qor qoplamining qalinligiga yog'ingarchilik va shamol ta'sir qiladi. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, bu balandlikda qor deyarli erimaydi, shuning uchun bu hodisani global isish bilan bevosita bog'lash kerak emas, ammo bu iqlim o'zgarishining oqibati bo'lishi mumkin, deb xabar beradi mir24.tv.

“Biz Monblan balandligidagi pasayish tendensiyasi keyingi bir necha yil ichida davom etadimi yoki ikki-to'rt yil ichida yana yuqorilaydimi, buni aniqlashimiz kerak. Hozirda muzliklarning qalinligi pasayishi kuzatilmoqda”, — dedi geomorfolog Lyudovik Ravanel.

Uning fikricha, agar shunday tendensiya davom etsa, 2100-yilga kelib Alp muzliklari o'z hajmining 99 foizini yo'qotadi.