YEXHT Doimiy kengashining navbatdagi majlisida Oʻzbekistonda oʻtkazilgan parlament saylovi eʼtirof etildi

    Saylov 4 Noyabr 2024 407

    Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Doimiy kengashining navbatdagi majlisida mamlakatimizning YEXHTdagi Doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov “Oʻzbekistonda oʻtgan parlament saylovlari natijalari” mavzusida maʼruza qildi.

    Tadbirda barcha 57 ta ishtirokchi davlatlar, muloqot boʻyicha sherik davlatlar vakillari va tashkilotning ijro etuvchi tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Doimiy vakili joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda oʻtgan yirik siyosiy tadbir – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovi natijalari toʻgʻrisida yigʻilish qatnashchilariga batafsil soʻzlab berdi.

    Xususan, davlatimiz tarixida birinchi marotaba parlament saylovlari aralash saylov tizimi asosida oʻtganligi, saylov komissiyalari faoliyatining toʻliq raqamlashtirilganligi, ovoz berish jarayonlarining texnologik innovatsiyalar va inklyuzivlik taʼminlangan holda oʻtkazilganligi taʼkidlandi. Saylovlar Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilganligi qayd etildi.

    Shuningdek, keng koʻlamli saylovni kuzatish missiyalarini yuborganligi uchun YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosiga (DIIHB) va Parlament assambleyasi kotibiyatiga minnatdorlik bildirildi. DIIHB bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan Oʻzbekistonning manfaatdor ekanligi hamda YEXHT missiyasining yakuniy hisoboti chiqqanidan soʻng unda koʻrsatilgan tavsiyalar tegishli tartibda koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan qator xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Oʻzbekiston parlamenti saylovi muvaffaqiyatli oʻtgani bilan oʻzbek tomonini tabrikladi va saylovlarning ochiq, adolatli hamda demokratik prinsiplarga muvofiq tarzda tashkil etilganini eʼtirof etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.