Oʻzbekistondagi GTL zavodida uzluksiz ishlab chiqarish siklini, barqaror texnologik va sanoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida zavodni eng yangi avtomatlashtirish va xavfsizlik tizimlari joriy etiladi. “Hima Middle East ZFE” kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodida “Hima Smart Safety Management” va “Safety Lifecycle Services” kabi raqamli xavfsizlikni avtomatlashtirish sohasidagi intellektual tizimlarini oʻrnatishni taʼminlab beradi.

Bundan tashqari, imzolangan shartnomalar doirasida GTL zavodining mutaxassislari uchun servis va texnik yordam koʻrsatish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan treninglarni tashkil etish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

“HIMA” odamlarni, atrof-muhitni va kapital aktivlarni himoya qilish maqsadida texnologik va temir yoʻl sanoati uchun xavfsizlik bilan bogʻliq avtomatlashtirish yechimlari boʻyicha dunyodagi yetakchi mustaqil yetkazib beruvchi hisoblanadi. 1908-yilda tashkil etilgan va bosh ofisi Germaniyada joylashgan bu kompaniya 800 ga yaqin xodimga ega va dunyoning 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat koʻrsatadi.