Davlatimiz rahbarining ushbu ezgu maqsadlari, avvalo, “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida Adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisida”gi 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan qarorida jam boʻldi. 2020-yilning 20-may kuni esa Prezidentimiz yangi barpo etilgan Adiblar xiyobonini ochib bergan edi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Adiblar xiyoboni” kitob-albomining kuni kecha boʻlib oʻtgan taqdimot marosimida ana shunday ezgu maqsadlarning amalga oshirilishi, ushbu xiyobonning bunyod boʻlishi va uning jamiyatimiz, maʼnaviyatimiz, adabiyotimiz rivojida tutgan oʻrniga eʼtibor qaratildi. Taqdimotda jam boʻlgan davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh ijodkorlar, talabalar badiiy adabiyotning insoniyat tafakkuri, maʼnaviy-maʼrifiy dunyosidagi yuksak oʻrniga, Adiblar xiyoboni esa uning ramziy ostonasi ekaniga yana bir karra guvoh boʻlishdi.

– Mazkur adabiyot gulshanida jam boʻlgan ulugʻ allomalar oʻz asarlari va ibratli faoliyati bilan allaqachon oʻzlariga haykal oʻrnatib ketgan, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ezgu gʻoya Adiblar xiyobonida oʻzining yuksak maʼnaviy-badiiy ifodasini topdi. Bu xalq – buyuk xalq, bu tarix – buyuk tarix, bu adabiyot – buyuk adabiyot. Siz uni oʻrganing va chuqur oʻzlashtirib oling, yurak-yuragingizga joylashtiring, ana oʻshanda siz ham xalqimiz va mamlakatimizning buyuk kelajagiga munosib hissa qoʻshadigan shaxs boʻlib yetishasiz, degan soʻzlar, buyuk va betakror timsollar bilan jonli tilda gapirib turibdi.

Oʻtgan vaqt mobaynida hududda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 8 gektardan ziyod maydonda Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratildi. Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adib haykallari yaxlit meʼmoriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirildi. Shu yerda Yozuvchilar uyushmasi uchun bino barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi.

– Adiblar xiyobonining aynan Milliy bogʻda barpo etilishida ulkan ramziy maʼno bor, nazarimda, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov. – Chunki adabiyot millat ruhini aks ettiradi. Yosh avlod qalbi, shuurida Vatan va millatga muhabbat tuygʻusini tarbiyalashga xizmat qiladi. Adiblar xiyobonida qardosh qaroqalpoq shoiri Berdaq, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qayipbergenov hamda Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynbergga ham haykallar oʻrnatilgani esa oʻzbek xalqi adabiyotda ham nihoyatda bagʻrikeng ekanini yana bir bor namoyon etadi.

Kitob-albomda davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-may kuni Adiblar xiyoboniga qilgan tashrifidan lavhalar, tegishli qarorlar, xiyobonni toʻliq aks ettiruvchi suratlar bilan tanishasiz. Unda oʻtkazilgan tadbirlardan lavhalar, haykallari oʻrnatilgan adiblarning ijodiga oid maʼlumotlar, adiblar haqida oʻzbek va dunyo adabiyoti namoyondalarining eʼtiroflari hamda sheʼrlari, zamonamiz ijodkorlarining mamlakatimizda olib borilayotgan adabiy islohotlar va xiyobon toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari ham moʻjazgina sahifalardan joy olgan.

– Adiblar xiyobonida haykallari bunyod etilgan har bir shoiru adib ijodiy merosini targʻib etishning muayyan oliy taʼlim muassasasiga biriktirilishi oqilona ish boʻldi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov. – Buning natijasida xiyobon chinakam maʼrifat maskaniga, oliy oʻquv yurtlari professor oʻqituvchilari, talaba-yoshlar faoliyatining ajralmas qismiga aylandi. Bevosita xiyobonning oʻzida adabiy-maʼrifiy muloqotlar, maʼnaviyat darslari oʻtkazish xayrli anʼana tusini oldi.

Mazkur taqdimotda shuningdek, Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan adiblar va shoirlarning oila aʼzolari ham ishtirok etishdi.

– Ustoz adiblar qatorida Oʻzbekiston xalq shoiri, umr yoʻldoshim Muhammad Yusuf haykalining qad rostlashi oilamizga mislsiz quvonch baxsh etdi, – dedi shoira, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Nazira Salomova. – Farzandlarim koʻnglini koʻtarib, iftixorlik baxsh etdi. Bunday eʼtibor va ehtirom uchun Prezidentimizdan, Yozuvchilar uyushmasidan cheksiz minnatdorman. Ikki haykaltarosh – Ollobergan Olloberganov va Jamoliddin Qoʻziboyevning ishlaridan bitta majmua yaratildi. Bu jarayonda ishtirok etganimdan, mening ham fikrlarim inobatga olinganidan nihoyatda quvondim.

Tadbirda albomni tayyorlash jarayonida OʻzA, “Oʻzarxiv” agentligi, “Yoshlik” jurnali, Milliy kutubxona va boshqa ijodiy-maʼrifiy tashkilotlarda saqlanayotgan hujjat, foto materillardan foydalanilganligi aytib oʻtildi. Eng muhimi, bu albomni qoʻlga olgan har bir kishi Adiblar xiyobonining yaratilish tarixidan boxabar boʻlish bilan birga, ulugʻ ajdodlarimizning hayotbaxsh gʻoyalaridan bahramand boʻlishi va qalbida milliy gʻurur, oʻzlikni anglashida munosib ahamiyatga egaligi bilan ahamiyatli.

Ustoz adiblarimiz taʼkidlaganlaridek, bu shunchaki bogʻ yoxud xiyobongina emas, juda puxta oʻylangan, ertangi kun, kelajak uchun qoʻyilgan mustahkam bir maʼnaviy poydevordir. Oʻzbekiston adabiyoti haqida tasavvurlarimizni yanada toʻldiradigan, boyitadigan ochiq osmon ostidagi muzeydir.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri