Ayniqsa, Prezidentimiz viloyatlarga tashriflari davomida hududdagi Saxovat va mehribonlik uylariga borib, ularnining holidan xabar olib, oʻy-fikrlari bilan qiziqmoqda, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishmoqda. Nuroniy otaxon-onaxonlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning mulohazalarini tinglab, ularning manfaatlarini koʻzlagan holda qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2021-yil davomida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali” doirasida nogironligi boʻlgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun “Bolalarga maʼrifat ulashib”, “Maʼrifat tur”, “Baxtli bolalik” loyihalari amalga oshirildi. Vatanga sadoqat, mehr-oqibat, masʼuliyat, bagʻrikenglik, mehnatsevarlik kabi ezgu fazilatlar bilan kamol toptirish maqsadida “Zukko Bolajon” fotoalbomi tayyorlanib, jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi.
Xabaringiz bor, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida olimlar, ziyolilar ishtirokida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida insoniylik qadriyatlari, mehr-oqibat gʻoyalarini keng targʻib qilish maqsadida “Inson qadri” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha davomida mamlakatimizda joylashgan mehribonlik va muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari hamda saxovat uylarida istiqomat qilayotgan nuroniylar uchun madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazish, ularning koʻnglini koʻtarish maqsad qilindi. Mazkur loyiha joriy yil davomida hududlarida anʼanaviy tarzda oʻtkazib boriladi.
Ana shu loyiha doirasida Ramazon — mehr-muruvvat, saxovat oyi munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan Toshkent shahridagi A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli mehribonlik uyida “Mehr-saxovat” aksiyasi tashkil etildi. “Inson qalbiga yoʻl mehr-muruvvatdan, saxovatdan boshlanadi” deb nomlangan tadbirda bir guruh “Marifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzolari, taniqli olimlar, ziyolilar, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyondalari, turli kasb egalari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mehr-oqibat, muruvvat tushunchalari asrlar mobaynida el-yurtimizning dunyoqarashi, maʼnaviy hayotining negizi sifatida vujudga kelganini, ongimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasi ekanligini aytishdi. Tadbir Mohi Ramazon oyida tashkil etilganida ham oʻziga xos maʼno borligini, bu ezgu ishlarning debochasi boʻlishiga ishonishlarini maʼlum qildi.
“Mehr va saxovat” aksiyasi doirasida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga hayotda kerak boʻladigan kasb-hunarlarni oʻrgatish ham koʻzda tutilgan boʻlib, shu maqsadda bolalarning qiziqishiga qarab turli toʻgaraklarni ochish belgilangan. Tadbir davomida Mirzoid Sultonov, Jahongir Qodirov, Abdusaid Karimovlar sartaroshlikka qiziqishi boʻlgan yoshlarga kasb sirlarini belgilangan tartibda oʻrgatishga kelishib olishdi. Shuningdek, toʻquvchilik, qandolatchilik yoʻnalishlarida ham guruhlar shakllantirildi.
Oila va bolalar psixologi Shoira Isakova mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan samimiy suhbatlashib, psixologik trening oʻtkazdi. Trening davomida bolalar hayotda oʻz oʻrnini topishlarida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar, iqtidorini yuzaga chiqarishda atrofdagi insonlarning oʻrni haqida toʻxtalib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javob berildi. Jamila Shermuhammedova oʻzining hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashib, oʻgʻil-qizlar koʻnglini koʻtardi.
“Ranglarda olam aksi” deb nomlangan qismda Oʻzbekiston ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, rassom Xusan Sodiqov bolalarga ranglardan toʻgʻri foydalanish, rasm chizish jarayonida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida maʼlumot berib oʻtdi. Shundan soʻng “Gʻafur Gʻulom” nashriyoti bilan hamkorlikda bolalarga kitob jamlanmalari sovgʻa qilindi.
Tadbir davomida bolalarga quvonch ulashish maqsadida shirinliklar ulashildi. “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari boʻlgan artistlar Zamira Suyunova, Shohida Ismoilova, Alisher Roʻzmetov, Avazbek Shomurodovlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, etyud, mashhur asarlardan parchalar bolalarning quvonchiga sabab boʻldi.
“Mehr-saxovat” aksiyasida faol ishtirok etgan barcha bolajonlarga sovgʻalar ulashildi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri