Guzardagi qariyalar gurungidan:
“eshitdilaringmi...Turg'unboy rahmatlining o'g'li va nabiralari o'ziga tortibdi-da...kecha yangi ko'chadan o'tayotib, xursandligimdan ko'zimga yosh keldi. Xuddi zamonaviy shaharlardagiday har bir simyog'ochda yangi chiroqlar, yo'llar ravon, xonadonlardan fayz yog'iladi-ya. Ko'cha boshidagi yoshlar sport maydonchasiga “Xotira turniriga marhamat” deb yozib qo'yishibdi.
Bir paytlar shu ko'chalarga o'z hisobidan asfal`t yotqizib, ko'pning duosini olgan, odamlarning to'y marakalariga katta-kichik ehsonlar qilib hammaning hojatini chiqarib yuradigan Turg'unboy og'aynimizning o'g'li va nevaralari otalari ishini davom ettirayotganidan ta'sirlandim. Nevaram ertaga futbolga boraman, yaxshi sovrinlar qo'yilgan, deb quvonganini aytmaysizmi...”.
Mana, yaxshi xabarning qanoti bor-da. Bugun-erta tongdan mahalla jarchilari hammani yoshlar stadionida o'tadigan xotira turniri va ehson oshiga taklif qilib chiqishdi.
Barzangi mahallasi qadimdan kuragi erga tegmaydigan pahlavonlar, kurashchi polvonlar yurti bo'lganini Jasurbek bobosi Turg'un Mirzaevdan ko'p marotaba eshitgandi. Asli kasbi haydovchi bo'lgan otaxon o'g'il-qizlarini hunarli va ilmli qilib tarbiyaladi. Nabiralariga esa el-yurtga qayishib yashashdan katta saodat yo'qligini uqtirib voyaga yetkazdi.
Ayni kunda Barzangi mahallasidagi Mirzaevlar xonadonida tarbiya topgan farzand va nabiralar otalari izidan borib, Biri pedogog, biri ijodkor, biri tadbirkor, yana biri mahalla va oila, ichki ishlar va sog'liqni saqlash sohasida faoliyat ko'rsatayotgan og'a-inilar otalari singari yurt xizmatiga “labbay” deb javob bermoqdalar.
Turg'unboy ota bilan Nasibaxon ayaning maslahatlariga quloq solib, har bir ishni hamjihatlikda bajarishga o'rganib qolgan farzandlari bir yaxshi niyatni dillariga tugib qo'ygandilar. Bugun o'sha niyat ko'pchilikning xursandchiligiga sabab bo'ldi.
erta tongdan mahalladagi sport maydonchasi o'smir yoshlar bilan to'ldi.
Tadbir tashkilotchilari Rahmonali, To'lqinjon va Jasurbek Mirzaevlar tomonidan “TURG'UNBOY MIRZAEV XOTIRAsiga bag'ishlangan sport musobaqasi bayramona start oldi. SHu kichik mahalla stadionida har yakshanba kunlari bellashib turadigan yosh futbolchilar maydon uzra sog'lom raqobatga kirishdilar. Teraklar soyasiga tuzab qo'yilgan bayram dasturxoniga mahalla faollari, tuman faxriylari, qo'shni mahallalarning sport ixlosmandlari ham taklif etildilar. Sportchi bolalarning quy va qo'shiq ohangiga qo'shilib ketgan qiyqiriqlari butun mahalla bo'ylab taraldi.YOshlar yayrab dam oldilar. Qariyalar duoga qo'l ochib, mahalladoshlari xursandchiligiga sababchi bo'lgan sport xomiylariga uzoq umr tiladilar.
O'tganlarning ezgu ishlari xotirlanib, ulardan qolgan yaxshi ibrat yoshlarga o'rnak qilib ko'rsatildi. Tadbir so'ngida sportchi guruhlarga “TURG'UNBOY MIRZAEV XOTIRA TURNIRI” tashkilotchilari tomonidan qimmatbaho sovg'alar topshirildi. Mahallada yashab o'tganlar ruhiga Qur'on tilovat qilindi.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri