Aksiyaga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali shifokorlari jalb etildi.
Qashqadaryo viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazida olti kun davomida tashkil etilgan mazkur aksiyada fondning tibbiy dasturlariga asosan ogʻir tashxisli bemor bolalar davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, ular salomatligini muntazam tiklab borish kabi ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, operatsiya qilinishiga zarurat boʻlgan bemor bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi.
Malakali shifokorlar boshchiligida start olgan aksiyaning dastlabki kunida 250 nafardan ortiq bemor bolalar va ularning ota-onalari tashrif buyurishgan boʻlsa, tibbiy koʻrik yakuniga qadar bolalar soni 500 nafardan oshdi. Birinchi bosqichda barcha bolalar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Mutaxassislarning tavsiya va xulosalari asosida aksiya davomida oltmishdan ortiq bolada shu yerning oʻzida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
— Farzandimga shifokorlar tugʻma yurak parogi, tashxisi qoʻyishgandi, — deydi Gulchehra Rajabova. — Anchadan beri Toshkent shahriga borib, qizimni davolatmoqchi boʻlib yurgandim. Rosti, biroz imkoniyatimiz yoʻqligi bois poytaxtga borolmay turgandik. Qarshi shahrida malakali mutaxassislar bolalarni bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazishayotgani haqida eshitib qoldim. Kelib, koʻrikdan oʻtkazdim. Shifokorlar juda yaxshi, xushmuomala ekan. Qizimni yaxshilab tibbiy nazoratdan oʻtkazishib, xulosalar berishdi. Soha vakillariga rahmat. Endilikda ularning tavsiyasiga asosan farzandim tez orada davo topadigan boʻldi. Shuningdek, olisda emas shu yerning oʻziga mutaxassislarning kelishgani biz kabi ota-onalar uchun juda yaxshi boʻldi.
Aynan davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoat fondining ish boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Oʻtgan qisqa davrda respublikamizning koʻpgina hududlarida tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, operatsiya xarajatlari toʻliq qoplab berilmoqda. Vohada tashkil etilgan aksiya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni sogʻlomlashtirish, zarur dori vositalari bilan taʼminlash kabi xarajatlar ham toʻliq qoplab berildi.
Eʼtiroflisi, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy klinikalar bilan hamkorlik memorandumlar imzolangan. Bu kelishuv doirasida ham qator ijtimoiy-tibbiy loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda oʻtkazilib borilishi bemor bolajonlarni davolash, ularni tengdoshlari kabi sogʻlom hayotga qaytarish yoʻlidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.
Akbar Rahmonov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.