Muborak Ramazon oyining fazilatli kunlarida mehr, muruvvat koʻrsatish amallari yanada quloch yoymoqda, tashabbuslar qoʻllab –quvvatlanyapti. Shu munosabat bilan joylarda iftorlik dasturxonlari yozilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, yakka-yolgʻiz, nogironligi boʻlgan oilalar xabar olinib, manzilli yordam koʻrsatib kelinmoqda.

Ezgu amallarga boy tadbir Qoʻqon shaharidagi mahalla fuqarolar yigʻinida ham davom etmoqda. “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Navroʻz” toʻyxonasida nuroniy otaxon va onaxonlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun iftorlik dasturxoni yozilib, koʻngil soʻraldi, moddiy va maʼnaviy yordamlar koʻrsatildi.

Mahalla faollari, saxovatpesha kishilar Movarounnahr koʻchasida istiqomat qilayotgan Goʻzalxon Nosirova xonadonida boʻldi. Oila bekasi bolalikdan nogiron farzandi tarbiyasi bilan band. Muborak kunlarda yoʻqlab kelgan faollar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoʻqon shahar boʻlinmasi huzuridagi “Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 3 mln. soʻm moddiy yordam koʻrsatdi.

Farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan Gulnoraxon Doʻstmatova “Ayollar daftari”da turadi. Mehr-muruvvat tadbirlarida bu oilaga 2,1 mln. soʻm moddiy koʻmak berildi.

–Muborak oy sharofati bilan bizni yoʻqlab, moddiy va maʼnaviy yordam berib kelayotgan saxovatpesha kishilardan minnatdorman,–deydi “Oʻmonbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan Nargiza Doʻsmatova. –Nogiron farzandim tarbiyasi bilan boʻlib, biroz qiynalib qoldim. Shu farzandim uchun yotoqxona jihozlari soʻrabgandim. Murojaatim “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi, kerakli jihozlar va farzandimni davolashga moddiy yordam ajratildi.

Ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan muborak Ramazon oyi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida koʻtarinkilik, hamjihatlikda oʻtmoqda. Shu kunga qadar, ”Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi va homiylik mablagʻlari hisobidan viloyatdagi 1062 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi muborak oy saxovat tadbirlari uchun 9 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi.

Rasuljon Kamolov,

“Yangi Oʻzbekiston» muxbiri.