Loyihaga koʻra, Discover dasturi asosida foydalanuvchiga kuniga 10 megabayt trafik taqdim etiladi. Bepul internetdan foydalanish uchun maxsus mobil ilova yoki smartfondagi brauzer yordamida mobil internet orqali tarmoqqa ulanish kerak boʻladi. Bunda saytlardagi rasmlar, video va boshqa “ogʻir” kontentlar aks etmaydi, faqat matnlar ochiladi. Hozirda tashkilotchilar matnlar bilan bir qatorda, rasmlarni ham ochish imkoniyatini yaratish haqida oʻylamoqda.
Facebook yaqin orada aholisining daromadi past boʻlgan yana bir nechta mamlakatda bepul internet xizmatini yoʻlga qoʻymoqchi. Rejaga koʻra, bunda foydalanuvchiga har kuni 20 megabayt hajmda trafik taqdim etiladi. Lekin mobil aloqa operatorlari mazkur limit hajmini oshirishlari, shuningdek, ayrim turdagi kontentlarning ochilishini cheklashlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Facebook kompaniyasi aholisi kambagʻal mamlakatlarga bepul internet taqdim etish boʻyicha internet.org hamda Express WiFi kabi yana bir qancha loyihalarga qoʻl urgan. Bundan tashqari, u oʻz ilovalarining trafik hamda smartfon resurslarini kam talab qiladigan “yengil” versiyalarini (Facebook Lite, Messenger Lite kabi) ham chiqargan.