Majlisda parlament yuqori palatasining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, yalpi majlisda 8 ta qonun koʻrib chiqilishi, shuningdek, boshqa bir qator masalalar muhokama qilinishi belgilangan boʻlib, ular toʻgʻrisida axborot berildi.
Majlisda mazkur masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, “Maktabgacha taʼlimni takomillashtirishning qonuniy asoslari: xorijiy amaliyot va mamlakatimizda sohani rivojlantirishning istiqbollari” mavzusi muhokama markazida boʻldi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda respublika boʻyicha maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni hamda bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovi darajasi oshgan. Xususan, 2017-yilda respublika boʻyicha jami 5 211 ta MTTga 708 247 nafar bola (3-7 yoshdagi bolalarning 27,7 foizi) qamrab olingan boʻlsa, 2021-yilga kelib, 18 254 ta MTTga 1 699 566 nafar bola (60,9 foiz) qamrab olingan.
Qolaversa, maktabgacha taʼlim xizmatlarining sifati va ommabopligini taʼminlash maqsadida 2021-yil birinchi yarim yil davomida qator normativ — huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish hamda ushbu sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etish orqali maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, maktabgacha taʼlim sohasini takomillashtirish maqsadida xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, xorijiy tajriba keng oʻrganilmoqda. Xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar bilan maktabgacha taʼlim tizimida taʼlim sifatini oshirish borasida ikki tomonlama hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, YUNISEF, KOICA, Jahon Banki, JICA, YUNESKO bilan birgalikda amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar ustida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Senatorlar tomonidan boshlangʻich taʼlimni majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarda 6 yoshli bolalarni oʻqitish uchun malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash choralari yetarli darajada koʻrilmagani, malaka oshirishda kredit-modul tizimiga asoslangan uzluksiz, muqobil shakllarini joriy etish orqali pedagog kadrlarga doimiy ravishda oʻz ustida ishlash, kasbiy oʻsishning individual trayektoriyasini tanlash va amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilmagani, maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻquv dasturlari hamda umumtaʼlim maktablari oʻquv rejasi oʻrtasida uzviylik taʼminlanmagani maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini rivojlantirish, xorijiy tajribani chuqur oʻrgangan holda yangi pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi.
Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil etish, maktabgacha taʼlimni takomillashtirishda xorijiy tajriba asosida yangi pedagogik texnologiyalarni jalb qilish, malakali pedagog kadrlarni tayyorlash, oʻquv dasturlarining uzviyligini taʼminlashga qaratilgan zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.