Qarorga koʻra, quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:
- jamiyat va davlat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarga maslahat va ekspert yordamini tashkil qilish;
- mamlakatning barqaror rivojlanishi maqsadidan kelib chiqib qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan tahliliy hujjatlarni tayyorlash;
- davlat va huquq sohasida fanlararo fundamental ilmiy tadqiqotlarni bajarish;
- zamonaviy elektron-axborot va oʻquv-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda aholining, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari
xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga koʻmaklashish;
-ilmiy faoliyatni davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan hamkorlikda, shartnomalar asosida amalga oshirish, eng dolzarb huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha ilmiy yoʻnalishdagi fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
- yuridik ixtisosliklar boʻyicha dissertatsiyalar himoyasini tashkil qiluvchi ilmiy kengashlar tuzish yoʻli bilan zamonaviy talablarga muvofiq ilmiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda bevosita ishtirok etish;
Institutga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustavida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi hamda u Fanlar akademiyasining tegishli vitse-prezidenti bilan kelishilgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, jumladan ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda umumiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosariga ega boʻladi.
Institut noshirlik faoliyati bilan shugʻullanishi va oʻzining matbaa organini (”Davlat va huquq” jurnali) tashkil qilishi mumkin.