Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi bilan birgalikda Qoraqalpog'iston Respublikasining Bo'zatov tumanida bog'dorchilik bo'yicha ikkita trening o'tkazdi. Treninglar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamg'armasi va FAOning Orolbo'yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qo'shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Qo'shma loyihaning yo'nalishlaridan biri aholisining asosiy qismi qishloq xo'jaligida band bo'lgan hudud iqtisodiyotining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, qishloq xo'jaligidagi innovatsion tajribalarini uy xo'jaliklari darajasida targ'ib qilishdan iborat.
—Treninglar Bo'zatov tumani aholisining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif qatlamlari vakillari salohiyati, bilim va ko'nikmalarini oshirish, ular er resurslaridan samarali foydalanishlari va shu orqali o'z oilalarining daromadlarini oshirishiga ko'maklashish maqsadida o'tkazildi, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari SHerzod Umarov. — Treninglarda 60 nafarga yaqin, asosan, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etishdi. Degradatsiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, erlarning unumdorligini oshirish, mineral va organik o'g'it turlari, ishlatish me'yorlari kabi masalalar ko'rib chiqildi.
Shu bilan birga, asosiy e'tibor tomorqa yer maydonlarida sho'rlangan tuproqlarga mos bo'lgan urug'li mevali bog'larni tashkil etish va tomorqalarda kichik hajmdagi issiqxonalarda tsitrus mevalarni yetishtirish agrotexnologiyasiga qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bog'larni kimyoviy va biologik himoya qilish usullari, yetishtirilgan mahsulotlarni saralash, qadoqlash va saqlash texnologiyalarini o'rganib, tomorqa yerlarida bog'lar tashkil etishga davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo'ldilar.
— Aholining ta'lim, axborot va konsalting xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan sharoitda bunday treninglarni o'tkazish juda muhimdir, — deydi O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjanova. — Olingan bilimlar xotin-qizlarga o'z tomorqasida yanada samarali mehnat qilish, daromad topish va shu orqali oila farovonligini oshirish, shuningdek, Orolbo'yi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo'shish imkonini beradi, degan umiddamiz.
Umuman olganda, loyiha doirasida FAO milliy hamkorlar bilan birgalikda Qoraqalpog'istonning Bo'zatov, Qo'ng'irot va Mo'ynoq tumanlari qishloq jamoalari uchun tuproqni himoya qilish, baliqchilik va chorvachilikni rivojlantirish usullari bo'yicha ham shu kabi treninglar o'tkazadi. Bundan tashqari, fermer xo'jaliklar pitomniklar va baliq boqish havzalarini yaratish uchun zarur uskuna va jihozlar bilan ta'minlanadi. Bularning barchasi qishloq yoshlari va xotin-qizlari daromadlarini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadi.