BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning "COVID-19 inqiroziga javoban kartoshkachilik tarmog'iini reabilitatsiya qilish va rivojlantirish" texnik hamkorlik loyihasining kirish seminari bo'lib o'tdi. Umumiy qiymati 195 ming dollar bo'lgan loyiha O'zbekistonda 2021-2023 yillarda amalga oshiriladi.
Tadbirda FAO, Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari, Qishloq xo'jaligi ekinlari navlarini sinash markazi, O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi, Ilmiy-tadqiqot institutlari, ToshDAU, NNT, uyushmalar, xususiy sektor va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi. Qatnashchilar loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad hamda vazifalari haqida so'z yuritdi. Ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyoda kartoshka oziq-ovqat xavfsizligi va daromad olish uchun eng katta salohiyatga ega asosiy ekinlardan biri bo'lib, aholi jon boshiga 52,6 kilogramm yillik iste'mol bilan “ikkinchi non” hisoblanadi.
— Loyihaning asosiy maqsadi kartoshka ishlab chiqarish sohasi salohiyatini oshirishdan iborat, — deydi O'zbekistondagi FAO vakili o'rinbosari Sherzod Umarov. — Bunga kartoshka navlarini ro'yxatga olish va urug'ligining sertifikatlash tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar yo'nalishini modernizatsiyalashni takomillashtirish, yuqori sifatli kartoshka ishlab chiqarishni rivojlantirish va tayyor mahsulotlarining omborxonalarda saqlash sharoitlarini yaxshilash orqali erishiladi.
O'zbekistonda kartoshkachilik sohasining salohiyatini oshirish, yanada yuqori, barqaror hamda sifatli kartoshka hosilini olish mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi va koronavirus pandemiyasining qishloq xo'jaligiga salbiy ta'sirini kamaytirishga hissa qo'shadi. COVID-19 inqiroziga javoban kartoshkachilik sektorini tiklash va rivojlantirish urug'larni sertifikatlash tizimi, ekinlarni zararkunandalardan oqilona himoya qilish va selektsiya tadqiqotlari sohasida mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishni o'z ichiga oladi.
Loyihaning amalga oshirilishi ilg'or xorijiy tajribalar asosida barqaror kartoshka ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan o'quv-seminarlar O'zbekistonda kartoshkachilik sektorini yanada rivojlantirish maqsadida kartoshka etishtirish texnologiyalarini takomillashtirish, zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishning yangi usullari bo'yicha fermerlarga maslahat beradigan bilim tarqatish xizmatlari hamda urug'chilikni sertifikatlash bo'yicha mutaxassislar salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Loyiha gender tengligi masalalarini ham o'z ichiga olgan Inson huquqlariga asoslangan yondashuv (Human Rights Based Approach, HRBA)ga muvofiq amalga oshiriladi. 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlantirish bo'yicha kun tartibining asosiy shiori hisoblangan “Hech kimni ortda qoldirmang” shiori loyihaning tamoyili hisoblanadi.