Qiymati 29 ming dollarga teng yuqori texnologiyali laboratoriya uskunalari «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchilikka moyil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» (CACILM -2) hududiy loyihasini amalga oshirish doirasida taqdim etildi.
«Tuproqsifattahlil» tashkilotida sug‘oriladigan yerlarning sifatini baholash, tuproq unumdorligi va ekologik holatini monitoring qilish ishlari olib borilyapti. Bu yerda respublika tuproq qoplamining axborot bazasi shakllantirilib, tuproq sho‘rlanishi va ularning ozuqa moddalari bilan ta'minlanishi kartogrammalari tuziladi. Korxona mutaxassislari sho‘rlangan va degradatsiyaga uchragan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
— Uskuna tuproqning kimyoviy tarkibi va sifatini yuqori aniqlik va maksimal tezlikda aniqlash imkonini beradi, — deydi CACILM -2 loyihasining O‘zbekistondagi milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov. — Tuproqlarning kimyoviy tarkibini tahlil qilish rekultivatsiya usullarini tanlash va mos o‘g‘itlarni saralab olish, yerlarning kimyoviy ifloslanish manbalarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun: Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasining oldini olishga, qurg‘oqchil va sho‘rlangan hududlarda tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan texnologiyalarni qo‘llashda ko‘mak ko‘rsatish CACILM -2 loyihasining muhim vazifalaridan biridir.
Mintaqaviy loyiha Global ekologiya fondi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladi va FAO tomonidan 2018-yildan buyon O‘zbekistonda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyada amalga oshirilib kelyapti. Tabiiy resurslarni kompleks boshqarishni joriy etishda xalqaro hamkorlik asosiy o‘rin tutadi. Loyiha doirasida fermerlarni o‘qitish, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va ilmiy muassasalar mutaxassislarining malakasini oshirish ishlari olib borilyapti.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati FAO ning mazkur loyihasiniamalga oshirishda O‘zbekistondagi milliy hamkorlaridir, deb xabar beradi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.