Qishloq xo'jaligi sohasi uchun professional trenerlarni tayyorlash maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Toshkent viloyatida “Trenerlar uchun trening” tashkil etildi. Unda hamkor tashkilotlar vakillari, jumladan, soha oliy o'quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirok etdi. O'quv mashg'ulotlar FAO va Global ekologik Jamg'armaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.
— Maqsadimiz yosh olimlar, tadqiqotchilar va o'qituvchilardan yaxshi murabbiylar tayyorlash uchun ularning salohiyatini oshirishdir, — deya ta'kidladi CACILM-2 loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. — Biz ishtirokchilarni qishloq xo'jaligi sohasida treninglar o'tkazish, maqsadli auditoriya bilan ishlashning o'ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdik, shuningdek, norasmiy ta'lim tamoyillari va usullarini o'zlashtirishlariga yordam berdik.
Trening davomida ishtirokchilar o'qitishning interfaol usullarini o'rgandilar, treninglarga tayyorgarlik ko'rishning turli usullarini ko'rib chiqdilar, rasmiy va norasmiy ta'lim o'rtasidagi farqni muhokama qildilar. Mashg'ulotlar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo'lib, unda ishtirokchilar notiqlik mahorati va boshqa o'zlashtirilgan usullarni mashq qildilar. Trening natijasida ishtirokchilar qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlarini mustaqil aniqlash, murabbiylik yondashuvidan foydalangan holda maxsus o'quv modullarini ishlab chiqish va tashkil etishni o'rgandilar.
Ta'kidlash joizki, seminar-treninglar o'tkazish CACILM-2 mintaqaviy loyihasining maqsad va vazifalariga hamohang bo'lib, ulardan kutilayotgan natijalaridan biri sho'rlanish va qurg'oqchilikni kamaytirishga qaratilgan yondashuv va texnologiyalarni keng joriy etish bo'yicha manfaatdor tomonlarning malakasini oshirishni o'z ichiga oladi.
Shundan kelib chiqqan holda, 22-iyul kuni loyiha doirasida Toshkent shahrida yerdan foydalanish masalalariga bag'ishlangan navbatdagi o'quv seminari tashkil etildi. Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining yer munosabatlari, yerga egalik qilish va boshqarish masalalari bo'yicha bilimlarini oshirish maqsadida o'tkazildi. Treningda qishloq xo'jaligida yerdan foydalanishning huquqiy asoslari, O'zbekistonda yerdan foydalanishning me'yoriy-huquqiy asoslari, yer tuzishning tashkiliy tuzilmasi, yerga egalik qilish shakllari, shuningdek, yerdan foydalanishning tuproq unumdorligiga ta'siri kabi mavzularda ma'ruzalar va taqdimotlar tinglandi.