Tadbirda dastlab DXA Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig'i Ilhomjon Abdusattorov mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko'rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish bo'yicha keng miqyosda boshlangan ishlar doirasida boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar to'g'risida ma'lumot berib o'tdi.

Xususan, viloyatdagi 22 ta tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 1 mln.dan ortiq davlat xizmatlari ko'rsatilgan. Shuningdek, 162 mingdan ortiq fuqaro xizmatlardan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali foydalandi. Markazlaridan uzoqda joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, viloyatda Davlat xizmatlari markazining 9 ta filiallari tashkil etilgan bo'lib, 2021 yil davomida ular tomonidan ko'rsatilgan xizmatlar soni 9 mingdan oshdi. Olis, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga bo'lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida
15 ming 410 ta sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan 75 ming 289 ta tug'ilganlik, 25 ming 719 ta nikoh qayd etilgan. 

Matbuot anjumanida Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova DXA faoliyati, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida OAV va jamoatchilik vakillariga axborot berib o'tdi.  

Bugungi kunda markazlar orqali 170 ga yaqin xizmatlar ko'rsatib kelinmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyuldagi “Davlat xizmatlari ko'rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi  farmoni qabul qilingan bo'lib, tizimda qator ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab berildi. Xususan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda O'zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirila boshlandi. Toshkent viloyatida tajriba tariqasida Nurafshon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari Davlat xizmatlari markazlari orqali O'zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni boshladi. Mazkur markazlarimiz hamda Zangiota tuman Davlat xizmatlari markazi orqali shaxsni tasdiqlovchi ID-karta berish ham joriy qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalist va blogerlar tomonidan sohaga oid bir qator taklif va tavsiyalar bildirilib, kelgusida jamoatchilik bilan aloqalar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga, fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko'nikmalarini oshirishga ko'makchi bo'lishlari aytib o'tildi.

Anjumanda jurnalist va blogerlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati