Faoliyatimiz mezoni: kuchli iroda, birlik va hamjihatlik!

    Noyabr oyi mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlarga boyligi bilan tarixga kirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlislarida Prezident ishtirokida muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalar, ularda ilgari surilgan gʻoya, maqsad va vazifalarni xalqimiz oʻzgacha hayajon bilan kuzatdi, desak yanglishmaymiz.

    Mustaqil diyorimiz ertasiga daxldor masalalar koʻtarilgan, istiqboldagi rejalar uchun muhim tashabbuslar ilgari surilgan Prezidentimizning nutqlari Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma boʻldi deyish mumkin.

    Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Qozixonova shu kunlarda Fargʻona viloyatida boʻlib Yurtboshimizning nutqlarida ilgari surilgan gʻoya va maqsadlarni mehnat jamoalariga, keng jamoatchilikka yetkazmoqda.

    Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashida boʻlib oʻtgan davra suhbatida davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizning taqdiri, kelajagimiz va yoshlar manfaatlari uchun muhim boʻlgan juda dolzarb masalalar ilgari surilgani qayd etildi.

    — Yurtboshimizning hozirgi tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga erisha olamiz, degan fikrlari zamirida juda chuqur maʼno bor, – deydi Senator Orzigul Qozixonova. – Haqiqatan, hamjihatlik bilangina biz mavjud muammolarga yechim topishimiz va olgʻa qarab yurishimiz mumkin. Bu – deputat va senatorlarning xalqqa yaqin boʻlishi va, oʻz navbatida, xalqimizning oʻz vakillariga ishonishi va qoʻllab-quvvatlashiga ham bogʻliq.

    Prezidentimiz qonunlarni qabul qilishda ularning xalqchilligiga, inson manfaatlarini yuqori tutishga va xalqqa xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratish zarur ekanligini qayd etdilar. Shu maqsadda tashkillangan davra suhbatida yurtdoshlarimiz hayotbaxsh islohotlardan mamnun ekanliklarini, islohotlar zamirida insonlarni rozi qilishdek ulkan vazifa turganini taʼkidladilar.

    Senatorlar tomonidan Prezidentimiz maʼruzalarining mohiyatini xalqimizga yetkazishga bagʻishlangan tadbirlar mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda.

    Shohsulton Toʻxtamatov,

    jurnalist.