Qayd etilishicha, BMTning Akademik Tashabbusi (UNAI) — bu global ilmiy hamjamiyat va taʼlim muassasalarini BMTning asosiy tamoyillari, xususan barqaror taraqqiyot, inson huquqlari, tinchlik, taʼlimga boʻlgan teng imkoniyatlar va ijtimoiy javobgarlik gʻoyalari atrofida birlashtiruvchi platformadir. Ushbu tashabbus 2010-yilda BMT Bosh kotibi tomonidan boshlangan va bugungi kunda 150 dan ortiq davlatlardagi 1700 dan ziyod universitet va ilmiy markazlarni oʻz ichiga oladi.

UNAI aʼzoligi universitetga BMT maqsadlariga sodiqligini va global miqyosdagi akademik tashabbuslarda faol ishtirokini namoyon etadi. Bu holat universitet obroʻsini oshiradi va xalqaro hamkorlar oldida ishonchli institut sifatida tan olinishini taʼminlaydi. Shuningdek, UNAI aʼzosi boʻlgan universitetlar BMT va boshqa UNAI aʼzolari bilan xalqaro loyiha, konferensiya, talabalar almashinuvi va ilmiy izlanishlar doirasida hamkorlik qilish imkoniyatiga hamda UNAI orqali BMT platformasida oʻz tashabbuslarini ilgari surish, yillik hisobotlar orqali faoliyatini namoyish etish va BMT rasmiy sahifalarida koʻrinish olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Fargʻona davlat universiteti endilikda UNAI logotipidan oʻzining UNAI doirasidagi loyihalari, veb-sayti va nashrlarida qonuniy asosda foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari UNAI orqali talabalar va professor-oʻqituvchilar global masalalar, SDG (Sustainable Development Goals) yoʻnalishlaridagi loyihalarda ishtirok etish, BMT bilan bogʻliq xalqaro dasturlar va grantlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻladi.


Hamkorlik materiali