FarDU Ozarbayjonning “Odlar Yurdu“ universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi

    Ayni kunlarda Fargʻona davlat universiteti delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasida boʻlib turibdi.

    FarDU delegatsiyasi Ozarbayjonning “Odlar Yurdu“ universitetiga tashrif buyurib, universitet bilan hamkorlikn aloqalarini yoʻlga qoʻydi. Ushbu hamkorlik sharafiga bugun Odlar Yurdu universitetida xalqaro doirada katta tadbir tashkil etildi.

    “Oʻzbekiston Respublikasi tarixi va madaniyatiga sayohat” deb nomlangan ushbu tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi delegatsiya vakillari, oliygohning sanʼat, madaniyat sohasida taʼlim olayotgan va yuksak natijalarga erishayotgan talaba-yoshlar hamda Odlar Yurdu universiteti jamoasi ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida Odlar Yurdu universitetida yurtimizning buyuk va qadim tarixi, dunyo tamadduniga katta hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlari, qomusiy allomalari, boy madaniy merosi va sanʼat darajasi, xalqimizning betakror qadriyatlari, milliy anʼanalari, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashabbuslarni namoyon qiluvchi koʻrgazma boʻlib oʻtdi. Oʻz navbatida ikkinchi tomon — Odlar Yurdu universiteti ham oʻz xalqining milliy anʼanalari, ozarbayjon xalq amaliy sanʼati, madaniy koʻrgazmasi namunalari oʻzbekistonlik mehmonlar eʼtiboriga taqdim etdi. Shundan soʻng ikki davlat madhiyasi sadolari ostida tadbirning rasmiy qismi boshlandi.

    Tadbirning rasmiy qismida Fargʻona davlat universiteti va Odlar Yurdu universiteti oʻrtasida oʻquv, tadqiqot, taʼlim faoliyatini amalga oshirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi. Endilikda mazkur hujjat asosida ikki oliygoh oʻrtasida akademik almashinuv, ilmiy ishlanmalar va taʼlim dasturlari sohalarida faol hamkorlik olib boriladi.

    Tabrik uchun soʻz olgan Odlar Yurdu universiteti rektori professor Ahmad Valiyev ikki qardosh xalqning umummilliy merosi, yurtimizning buyuk tarixi va bugungi kuni xususida alohida toʻxtalib oʻtar ekan, Fargʻona davlat universiteti bilan oʻrnatilgan hamkorlik kelgusida ikki tomonlama ilm-fan rivojida katta ahamiyatga ega boʻlishini taʼkidladi. Shundan soʻng Fargʻona davlat universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov soʻzga chiqib, oʻz maʼruzasida yurtimizning 3000-yillik buyuk tarixi, dunyo ahli tan olgan allomalarimizning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan bemisl hissasi, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro darajadagi oʻrni, vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalq manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ushbu mamlakat rasmiylari, hamkor oliygoh jamoasi, Ozarbayjon talaba-yoshlari hamda keng jamoatchilik vakillariga batafsil tushunchalar berdi.

    Shuningdek, FarDU rahbari oʻtgan 2017-2023-yillarda milliy-madaniy merosimiz YUNESKO darajasida yuqori baholanib, butun dunyo xalqlarining oʻlmas boyligi sifatida eʼtirof etilganligini taʼkidlab oʻtdi.

    Bu borada rektor YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston tashabbusiga toʻxtaldi. Dunyo nigohi qaratilayotgan va jahon miqyosida katta ahamiyatga ega boʻlgan bu muhim tarixiy voqelikning mohiyatini oʻz maʼruzasida keng yoritib berdi.

    Xalqaro doiradagi tadbir davom etar ekan, Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov soʻzga taklif etildi. Elchi janoblari dastlab har ikki tomonlarni hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻli bilan muborakbod etdi. Soʻnggi yillarda butunlay yangi formatga oʻtgan Oʻzbekiston va Ozarbayjon hamkorligi toʻgʻrisida gapirib oʻtdi. Tarixi, madaniyati, tili, ildizi bir boʻlgan ozarbayjon va oʻzbek xalqining mushtarak maqsadlari Davlatimiz rahbarining yuritayotgan oqilona siyosati natijasida roʻyobga chiqayotganini eʼtirof etdi. Shundan soʻng ikki qardosh xalqlarning davlat rahbarlari tashabbuslari, davlat darajasidagi tashriflari aks etgan videolavha va Oʻzbekiston tarixi va madaniyati aks etgan videorolik ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

    Rasmiy marosimlar soʻngida tadbirning badiiy qismi boshlandi. Ushbu madaniy dasturda Oʻzbekiston Respublikasi talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya yuksak mahorat bilan ijro etildi. Oʻz navbatida Odlar Yurdu universiteti talabalarining ajoyib milliy-madaniy chiqishlari tadbirga oʻzgacha kayfiyat baxsh etdi. Hamkorlikdan doʻstlik kechasiga aylangan ushbu xalqaro tadbir yakunida ishtirokchilar, yoshlar Oʻzbekiston dasturxoniga — oʻzbek milliy taomlari va millat brendi boʻlgan oshga taklif etildi. Ikki birodar xalqning farzandlari shu kuni tadbir orqali dillashdilar, doʻstlik oqshomi yoshlarning oʻyin-kulgisi va quvnoq kayfiyatlari bilan fayzga toʻldi.

    Tadbirning tantanali qismi avvalida taqdirlash jarayonlari boʻlib oʻtdi. Bunda tantanali ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonovga ushbu universitetning “Odlar Yurdu Universiteti Faxriy mehmoni” diplomi topshirildi. Shuningdek, har ikki tomonning ilm-fan rivoji yoʻlida faollik koʻrsatayotgan Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovga “Odlar Yurdu” universiteti asoschisi va kuzatuv kengashi raisi, parlament deputati, professor Samir Valiyev ishtirokida Odlar Yurdu universiteti faxriy professori unvoni taqdim etildi. Aynan shu oʻrinda Odlar Yurdu universiteti rektori professor Ahmad Valiyevga esa Fargʻona davlat universiteti faxriy professori unvoni berildi. Mazkur yangilik va taraflarning oʻzaro hurmat, samimiyat ifodasi sifatida faxriy professorlarga esdalik sovgʻalari taqdim etildi.


    Hamkorlik materiali