“Johnsons Controls Arabia (York)” aqlli texnologiyalarga asoslangan qurilish texnologiyalari, binolar uchun sovitish, isitish va ventilyatsiya tizimlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya boʻlib, Dubaydagi Burj Xalifa hamda Nyu-Yorkdagi Empayr-steyt-bilding osmonoʻpar binolari, Makka shahridagi Kaʼba binosi hamda Madina shahridagi Nabaviy masjidi kabi dunyodagi yuzlab yirik inshootlarda ushbu kompaniyaning tizimlari oʻrnatilgan. Shuningdek, kompaniyaning Arabistondagi Qirol Abdulloh iqtisodiy shahrida 200 kvadrat/kilometr maydonda joylashgan, dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan birida York markasi ostida konditsionerlar ishlab chiqariladi.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Fargʻona viloyati hududida hamkorlikda investitsion ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Fargʻonada barpo etilayotgan Ekoshahar uchun energiya sarfini 25-30 foizga qisqartirishni koʻzda tutgan kompleks energiya tejamkorligi tizimi joriy etish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Yaqin davrda Fargʻona viloyati delegatsiyasining Qirol Abdulloh iqtisodiy shahridagi Johnsons Controls Arabia korxonasiga tashrifini tashkil etish hamda muzokaralarni navbatdagi bosqichda davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.