Turli sohalarda viloyat rasmiylari, tadbirkorlar hamda qishloq xo‘jaligi klasterlari rahbarlaridan iborat viloyat delegatsiyasi Bursa viloyatida va Istanbulda bo‘lib, rasmiy uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralari bilan muloqotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Bursa viloyati hokimi o‘rinbosari Mustafo Qilich, qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik boshqarmasi boshlig‘i Hamit Aygul hamda qishloq xo‘jaligi sohasi mas'ullari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bursaning bu sohada so‘nggi 30 yilda bosib o‘tgan rivojlanish yo‘li, mahalliy oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlarida ilgari surish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish borasidagi tajribasi, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda foydalanilayotgan samarali mexanizmlar hamda ajratilayotgan subsidiyalar kabi masalalar xususida atroflicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘nggi yillarda mamlakatimizda bo‘layotgan katta islohotlar, hamda ushbu islohotlarning qishloq xo‘jaligi sohasiga ijobiy ta'siri borasida yig‘ilganlarga ma'lumot berdi.

Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi sohasida Bursadan malakali mutaxassislarni Farg‘ona viloyatiga jalb etish, farg‘onalik qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarini tajriba almashinish uchun Bursaga yuborish, fermerlarni, chorvachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik hamda dehqonchilik xo‘jaliklarini manzilli qo‘llab-quvvatlash borasidagi Turkiya tajribasini batafsil o‘rganish, urug‘chilik va ko‘chatchilik borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining tashrifi Bursa viloyati voliyligida davom etdi. Bursa viloyati voliysi (gubernatori) Yakub Janpolat bilan muloqotda ikki davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi bilan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilib, bu jarayonda Farg‘ona va Bursa o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari hamda imkoniyatlari muhokama qilindi. Yillik 16 milliard dollarlik eksport hajmiga ega bo‘lgan, avtomobilsozlik, tekstil, mebelsozlik hamda qishloq xo‘jaligida Turkiyaning eng rivojlangan viloyatlaridan biri bo‘lgan, hududida 17 ta erkin iqtisodiy zona joylashgan Bursa bilan Farg‘ona viloyati o‘rtasida ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikning poydevori qo‘yildi.

Turkiyaning eng yirik mebelchilik markazlaridan biri bo‘lgan, yillik mebel mahsulotlari eksporti 1,3 milliard dollarga teng Bursaning Inego‘l tumani bilan Buvayda tumani, bolalar kiyimlari ishlab chiqarishda Turkiyaning markazi bo‘lgan Bursa shahridagi Yildirim tumani bilan Uchko‘prik tumani, chinnichilik hamda kulolchilik an’analari bilan mashhur Iznik tumani bilan Rishton tumani o‘rtasida bevosita hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, oliy ta'lim sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Bursa voliysi bilan muloqotda shuningdek, mahalliy davlat boshqaruv tizimini samarali tashkil etish, ushbu viloyatdagi 17 tumanda joylashgan    1 058 mahallaning davlat idoralari bilan hamkorligi masalalari yuzasidan ham suhbatlashildi.

Bursa Buyukshahar Belediyasi bashkani (hokimi) Alinur Aktash bilan uchrashuvda Farg‘ona va Bursa viloyatlari o‘rtasida ikki tomonlama iqtisodiy, investitsion, madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarida so‘z bordi. Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hamda Bursa viloyati o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Uchrashuvlarda O‘zbekistonning Turkiyadagi Elchixonasi mas'ullari, O‘zbekistonning Bursadagi faxriy konsuli Ali Baklan, O‘zbekiston-Turkiya parlamentlararo do‘stlik guruhi hamraisi Osman Mesten ham ishtirok etdilar.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyaga tashrif dasturi doirasida Bursa Tijorat va Sanoat palatasida bo‘lib, Palata rahbari Ibrahim Burkay bilan uchrashuv o‘tkazdi. 50 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'ektini, shu jumladan 22 mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini o‘zida jamlagan Palatada bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Bursa ishbilarmonlari sarmoyasini, tajriba va bilimlarini Farg‘ona viloyatiga jalb etish, yirik dunyo bozorlarni hamkorlikda zabt etish istiqbollari muhokama qilindi. Farg‘ona delegatsiyasining tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalgi yillarda erishilgan kelishuvlarni amaliyotga o‘tkazish, ikki viloyat tadbirkorlarini bir birlariga bog‘lash ekani ta'kidlandi.

Bursalik ishbilarmon va sarmoyadorlarni Farg‘onaga yo‘naltirish, Farg‘ona viloyati hokimining Bursa tadbirkorlari bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etish, Farg‘onada doimiy ishlovchi bu lavozimga Bursa Tijorat va Sanoat palatasi tomonidan taqdim etiladigan vakilni tayinlash borasida kelishib olindi.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hamda Bursa viloyati rasmiylari va ishbilarmon doiralari ishtirokida Palatada bo‘lib o‘tgan biznes-anjumanda Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot yakunida turkiyalik tadbirkorlarning o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish nuqtai nazaridan berilgan savollariga viloyat hokimi batafsil javob berdi. Ikki viloyat tadbirkorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan B2B uchrashuvlar turli sohalarda yirik hamkorlik shartnomalari imzolashga poydevor yaratdi.

Farg‘onaliklar shuningdek, Turkiyaning 45 viloyatidagi 12 mingdan ziyod eksportchi korxonalarni birlashtirgan, yillik umumiy eksport hajmi 35 milliard dollarga teng bo‘lgan Uludag‘ Eksportchilar Assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi Uludag‘ meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari uyushmasiga tashrif buyurdi. Uyushma boshqaruv kengashi raisi O‘zkan Kamilog‘lu bilan uchrashuvda Farg‘ona viloyatida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hamkorlikda qayta ishlash va eksport qilish, sohaga Turkiyada amalda tadbiq etilayotgan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Uludag‘ meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari uyushmasi vakillari, O‘zbekiston meva va sabzavotlariga dunyo bozorida talab yuqori ekanini, innovatsion yondashuv orqali hosildorlikni ko‘tarish imkoni mavjud ekanini qayd etib, har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi. Yaqin davrda Uyushma delegatsiyasining Farg‘ona viloyatiga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.

Tekstil sohasi o‘ta rivojlangan Bursa viloyati, ayniqsa bolalar tayyor kiyimlari ishlab chiqarishda katta ko‘rsatkichlar qayd etib keladi. Bu borada Turkiyada ishlab chiqarilgan bolalar kiyim-kechaklarining 70 foizi Bursaga to‘g‘ri keladi. Bursa shahrining Yildirim tumanida joylashgan Vishne ko‘chasi nafaqat Turkiyada, balki dunyoda ham bu borada ishlab chiqaruvchilar hamda ulgurji savdo do‘konlarini o‘zida jamlagan yirik markaz sifatida bilinadi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda viloyat delegatsiyasi vakillari ushbu hududda bo‘lib, 3 mingdan ziyod ishlab chiqaruvchini jamlagan BEKSİAD – Go‘daklar va bolalar tayyor kiyimlar sektori ishlab chiqaruvchilari va ishbilarmonlari jamiyati faoliyati bilan tanishdilar.

Jamiyat raisi O‘mer Yildiz viloyat hokimi bilan muloqotda sanoat zonasi shaklida tashkil etilgan, yillik umumiy eksport hajmi 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan Vishne ko‘chasidagi ishlab chiqarish va tijorat jarayonlari haqida ma'lumot berdi. Uchko‘prik tumanining Boboshbek mahallasida 15 gektar maydonda barpo etilayotgan, asosan bolalar kiyimlari ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksidan iborat majmua, ushbu Vishne ko‘chasining analogi bo‘lishi borasida fikr bildirgan viloyat hokimi, bu yerda orttirilgan tajribalarni hamda ish jarayonlarini o‘rganish uchun Uchko‘prik tuman delegatsiyasi yaqin muddatda tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Viloyat rahbari Vishne ko‘chasidagi bir nechta ishlab chiqarish korxonalari hamda savdo do‘konlarida bo‘lib, mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot qildi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.