Fargʻona mevalari Xitoy bozorlariga yoʻnaltirilmoqda

    Oʻzbekiston tumanidagi “Yahyohon Trade-2020” oilaviy korxonasi hamda xitoylik hamkorlar oʻrtasida 5 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish shartnomasi imzolangandi.

    Joriy yilning aprel oyida Fargʻona viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chogʻida savdo va investitsiya sohalarida qator muhim kelishuvlarga erishilgandi.

    Xususan, ushbu tashrif davomida Oʻzbekiston tumanidagi “Yahyohon Trade-2020” oilaviy korxonasi hamda xitoylik hamkorlar oʻrtasida 5 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish shartnomasi va 10 mln dollarlik istiqbolli investitsiya kelishuvlari imzolandi.

    Kuni kecha mazkur hamkorlikni amaliy bosqichiga oʻtish maqsadida Xitoyning Urumchi shahri, Chjeszyan, Shandun va Xebey provinsiyalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari Oʻzbekiston tumaniga tashrif buyurdi. Mehmonlar mahalliy tadbirkorlarning faoliyati, mavjud eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

    Eʼtiborlisi, hamkorlik kelishuvlari asosida “Yahyohon Trade-2020” korxonasi tomonidan qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining dastlabki qismi Xitoyga eksport qilindi.