Fargʻona shahri markazida 12 qavatli zamonaviy turar-joy binosi foydalanishga topshirildi

    Dolzarb 21 Avgust 2021 3784

    Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona shahri markazida, A.Navoiy koʻchasida qurib bitkazilayotgan 3 ta 12 qavatli zamonaviy turar-joy binolarining dastlabkisini foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etdi.

    Aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan ushbu turar-joy majmuasi “Fayz Binokor Oltiariq” MCHJ tomonidan barpo etildi. Binoda 120 ta xonadon mavjud boʻlib, birinchi qavatdan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, ofislar oʻrin egallagan.

    Ochilish marosimida soʻz olgan viloyat rahbari, aholini uy-joy bilan taʼminlash sohasida soʻnggi yillarda olib borilayotgan ulkan ishlarga toʻxtalib, birgina Bagʻdod tumani misolida joriy yilgacha jami 49 ta koʻp qavatli turar-joy binosi qurilganini, bu yilning oʻzida esa tumanda 61 ta koʻp qavatli uy-joy qad rostlayotganini qayd etdi. Yaqin oʻtmishda 5 qavatli uy-joylar qurishga ruxsat olish ham muammo boʻlganini aytib oʻtgan Xayrullo Bozorov, bugun har bir viloyatda 25 qavatgacha boʻlgan binolar qad rostlayotganini, aholini zamonaviy, arzon va sifatli uy-joy bilan taʼminlash masalasi bugungi islohotlarning markazida ekanini taʼkidladi. Fargʻona shahri chetida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga moʻljallangan Ekoshahar barpo etilishi rejalashtirayotganiga toʻxtalgan viloyat rahbari, 7-25 qavatli 313 ta koʻp qavatli turar-joylar va ijtimoiy obyektlardan iborat boʻladigan ushbu shaharchaning qurilishi yangi xorijiy ilgʻor texnologiyalarga asoslangan boʻlishini aytib oʻtdi.

    Viloyat hokimi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan quruvchi Baxtiyor Vallamov rahbarligidagi “Fayz Binokor Oltiariq” MCHJ faoliyatiga omad tilab, jahonning yirik qurilish kompaniyalari qatoridan oʻrin olishiga tilak bildirdi.

    Maʼlumot oʻrnida, Fargʻona viloyati aholisini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida joriy yilda jami 1 trln. 524 mlrd. soʻm mablagʻlar evaziga 300 ta 9009 xonadonli koʻp qavatli uy-joylarni qurish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6186-sonli Farmoniga asosan viloyatda jami 97 ta 2760 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilmoqda. Bugungi kunda koʻp qavatli uy-joylarda gʻisht terish, tom yopish, ichki suvoq ishlari amalga oshirilmoqda.

    Bundan tashqari, viloyat hokimining tashabbusi bilan 193 ta 6369 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilishi amalga oshirilmoqda. Bulardan 105 tasi koʻp qavatli 1 podyezdli energiya tejamkor turar-joy binolaridir. Bugungi kunda koʻp qavatli uy-joylarda gʻisht terish, tom yopish, ichki suvoq ishlari amalga oshirilmoqda.

    Joriy yil yakuniga qadar yuqorida keltirilgan uy-joylarni toʻliq foydalanishga topshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.